AQSH bir vaqtning o‘zida Ukraina va Isroilni qo‘llab-quvvatlashi mumkin – Oq uy

Olam

image

Qo‘shma Shtatlar bir vaqtning o‘zida Ukrainaning Rossiyaga qarshi kurashini va Isroilning o‘zini o‘zi himoya qilish sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli resurslarga ega. Bu haqda AQSH milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan ma’lum qildi.

"Biz Qo‘shma Shtatlar bir vaqtning o‘zida erkinlikni sevuvchi Ukraina xalqini va Isroil davlatini qo‘llab-quvvatlay olmaydi, degan fikrni qat’iyan rad etamiz", deydi u.

Sallivanning qayd etishicha, Vashingtonda har ikki davlatga yordam bera oladigan byudjet bor.

Shuningdek, u Rossiyaning Yevropa qit’asida urushda g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun hozirda Kiyevni qo‘llab-quvvatlash, agar Rossiya Federatsiyasi Ukrainani bosib olib, butun Yevropa bo‘ylab agressiyani davom ettirsa, kelajakda potensialdan ko‘ra AQSH uchun foydaliroq ekanini da’vo qilgan.

“Keyinchalik katta to‘lovni to‘lashdan ko‘ra hozir chora ko‘rish ancha samaraliroq. Bu oxir-oqibat, o‘tmishda bo‘lganidek, jangovar operatsiyalarga AQSH qo‘shinlarining amalda kiritilishini talab qilishi mumkin”, deydi Sallivan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari Isroil va Falastin o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etish uchun qo‘shin yuborish niyatida emasligini bildirgandi.

Isroil-Falastin mojarosi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni ertalab G‘azo sektoridan Isroil hududiga raketa hujumi boshlandi. Keyinchalik HAMAS Isroilga qarshi “Al-Aqso to‘foni” harbiy operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Isroil Mudofaa kuchlari esa bunga javoban “Temir qilichlar” “aksilterror operatsiyasi”ni boshladi.

Shundan so‘ng, Bosh vazir Binyamin Netanyaxu isroilliklarga murojaat bilan chiqib, mamlakatda sodir bo‘layotgan voqealar harbiy operatsiya emas, balki to‘laqonli urush ekanini aytdi.  9 oktyabr kuni Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant Isroil harbiylari G‘azo sektorini keng ko‘lamli blokadaga kirishayotganini ma’lum qildi. U G‘azo sektorida elektr, oziq-ovqat, yoqilg‘i bo‘lmasligini, hamma narsa yopilishini aytdi. 

Shuningdek, Isroil G‘azo sektoridagi Al-Yarmuk, Al-Emin Muhammad, Ahmad Yasin, Muhammad El-Habib, Es-Susi va Al-G‘arbi masjidlariga zarba berdi.  Bu orada Amerika Qo‘shma Shtatlari G‘azo sektori atrofidagi keskinlik fonida “Eronni jilovlash uchun” Yaqin Sharqqa qo‘shimcha 20-25 ta F-35 va F-15 qiruvchi samolyotlarini yuborishi ma’lum bo‘ldi. Germaniya esa Falastin hududlaridagi gumanitar loyihalar uchun avval tasdiqlangan mablag‘larni ajratishni to‘xtatdi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro esa Isroilni Falastin xalqini qirg‘in qilishda ayblab, zudlik bilan tinchlik muzokaralarini boshlash va Falastinning hududiy huquqlarini kafolatlovchi BMT rezolyutsiyalarini amalga oshirishga chaqirdi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham mustaqil suveren Falastin davlatini yaratish zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, u Isroil va HAMAS o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlarni AQSH siyosati muvaffaqiyatsizligining yaqqol misoli deb atadi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Yaqin Sharqdagi bu mojarodan Rossiya manfaatdorligini ta’kidladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Ukraina Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing