AQSH, Avstraliya va Yaponiya Xitoyni harbiy mashg‘ulotlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken, Avstraliya Tashqi ishlar vaziri Penni Vong va Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi kecha, 5 avgust kuni AQSH Kongressi spikeri Nensi Pelosining Tayvanga tashrifi munosabati bilan Xitoyning harakatlaridan xavotir bildirdi va rasmiy Pekinni harbiy manevrlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.

“Davlat kotibi va vazirlar Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik va barqarorlikni saqlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar. [Ular] Xitoyning so‘nggi harakatlari, jumladan, xalqaro tinchlik va barqarorlikka jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgan keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlardan xavotir bildirdi. Ular Xitoyning ballistik raketalarni uchirayotganini qoraladilar, Yaponiya hukumatiga ko‘ra, ulardan beshtasi mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasiga tushdi, bu esa mintaqadagi keskinlik va beqarorlik kuchayishiga olib keldi”, deyiladi bayonotda.

Avstraliya, AQSH va Yaponiya tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Kambodjada bo‘lib o‘tgan Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasi (ASEAN) vazirlar yig‘ilishi doirasidagi muzokaralari yakunlari bo‘yicha qabul qilindi.

“Davlat kotibi va vazirlar XXRni harbiy mashg‘ulotlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi”, deyiladi hujjatda. 

Vong, Blinken va Xayashi Tayvan masalasida Avstraliya, Qo‘shma Shtatlar va Yaponiyaning “Yagona Xitoy” tamoyili bo‘yicha pozitsiyasi o‘zgarmaganini qayd etgan.

Bundan tashqari, tashqi ishlar vazirlari “Hind va Tinch okeani mintaqalarining erkinligi va ochiqligini ta’minlash uchun” uch mamlakat hamkorligini chuqurlashtirish istagini bildirgan, shuningdek, ASEANning mintaqadagi markaziy rolini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlagan.

Nensi Pelosi 2 avgust kuni kechqurun Taypeyning Sonshan aeroportiga yetib keldi va orolda bir kun ham bo‘lmay, bugun, 3 avgust kuni qaytib ketdi. Bu AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikerining 1997 yildan beri orolga qilgan ilk safari bo‘ldi. Pelosi Tayvanda orol ma’muriyati rahbari Say Ingven bilan uchrashdi.

Bu voqea AQSH va Xitoy munosabatlarini taranglashtirdi. Rasmiy Pekin Pelosi kelishidan oldin Tayvan yaqinida harbiy mashg‘ulotlar boshlagandi. Tashrifdan keyin esa orol atrofida bir qancha hududlarda mashg‘ulotlarga start berildi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi siyosatchining tashrifiga keskin norozilik bildirdi va uni qoraladi. Uning safari “Yagona Xitoy” tamoyili va uchta Xitoy-AQSH kommyunikelari qoidalarini jiddiy ravishda buzishi urg‘ulandi. Pekin, shuningdek, Vashingtonni Xitoyni nazorat qilish uchun Tayvandan foydalanishni to‘xtatishga chaqirdi. Bundan tashqari, diplomatik departament mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishiga ishontirdi.

Oq uyning fikricha, Pelosining Tayvanga tashrifi Xitoy suverenitetini buzmagan, AQSH ma’muriyati esa “o‘zini qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymasligiga” ishontirgan. Amerika rasmiylari mintaqada keskinlikning kuchayishiga hech qanday sabab yo‘qligini ta’kidlamoqda.

Kreml Pelosining safarini mintaqadagi keskinlikni kuchaytiruvchi provokatsiya deb atadi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov dunyoning barcha davlatlari buni qayd etayotganiga e’tibor qaratdi va Rossiyaning Xitoy bilan birdamligini qayd etdi.

Xitoy harbiylari Pelosi tashrifidan keyin shay holatga keltirildi. Armiya Tayvan atrofidagi bir nechta nuqtada harbiy mashg‘ulotlar boshladi.

Tayvan va AQSH munosabatlari

Tayvan 1949 yilda Chan Kayshi (1887-1975) boshchiligidagi Gomindan qo‘shinlarining qoldiqlari Xitoy fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, orolga qochib ketganidan beri o‘z ma’muriyati tomonidan boshqariladi. O‘shandan beri Tayvan kommunistlar hokimiyatga kelishidan oldin materikda mavjud bo‘lgan sobiq Xitoy Respublikasi bayrog‘i va boshqa atributlarini saqlab qolgan.

Qo‘shma Shtatlar 1979 yilda Tayvan bilan diplomatik aloqalarni uzib, ularni XXR bilan o‘rnatgan. Vashington “yagona Xitoy” siyosatini tan olish bilan birga, ayni paytda Taybey ma’muriyati bilan aloqalarni davom ettirmoqda va orolga qurol yetkazib bermoqda. 2020 yilda AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Gonkongdagi vaziyat tufayli Pekin bilan munosabatlarning keskinlashuvi fonida Tayvan bilan aloqa va almashinuvlarni sezilarli darajada faollashtirdi, bu esa XXR rasmiylarining noroziligiga sabab bo‘ldi. 

AQSH Tayvanning asosiy qurol yetkazib beruvchisidir. Joriy yilning aprel oyida Davlat departamenti Patriot zenit-raketa tizimlariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha 95 million dollarlik shartnomani ma’qulladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Xitoy

Baholaganlar

51

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing