AQSH Alyaskada taklif qilgan murosalarga rozi bo‘ldik – Putin
Olam
−
17:52 4853 2 daqiqa
Rossiya AQSH tomonidan ikki davlat yetakchilari Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida 2025 yil avgust oyida Ankorijda bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida taklif etilgan murosalarga rozi bo‘lgan. Bu haqda Rossiya Prezidenti bugun, 19 dekabr kuni “To‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot” vaqtida ma’lum qildi.
“Moskvada o‘tgan dastlabki uchrashuvlarda bizga muayyan takliflar bildirildi va ma’lum murosalarga borish so‘raldi. Ankorijga kelgach, bu qarorlar biz uchun oson bo‘lmasligini aytdim. Ammo bizga taklif qilingan murosalarga rozi bo‘ldik”, dedi Putin.
Uning ta’kidlashicha, Tramp bilan bo‘lgan uchrashuvda Rossiya tomoni AQSH takliflarini “kelishib olgan va deyarli to‘liq qabul qilgan”.
“Shuning uchun biz nimanidir rad etyapmiz, deb aytish mutlaqo noto‘g‘ri va hech qanday asosga ega emas”, dedi Putin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muzokaralarga va urushni tinch yo‘l bilan yakunlashga tayyor, hozir esa “to‘p to‘liq va butunlay” Ukraina hamda Yevropa davlatlari tomonida.
Rossiya Prezidenti, shuningdek, mamlakat hokimiyati “odamlar halok bo‘lishi uchun o‘zini javobgar deb hisoblamasligini” bildirdi, chunki uning aytishicha, urushni ular “boshlamagan”.
Putinning da’vo qilishicha, Rossiya tomonidan 2022 yil 24 fevralda Ukrainaga qarshi amalga oshirilgan keng ko‘lamli bosqin – bu “2014 yilda Ukrainada, G‘arb davlatlari qo‘llab-quvvatlagan davlat to‘ntarishidan so‘ng, Kiyev rejimi tomonidan boshlangan urushni yakunlash uchun” qurolli kuchlardan majburiy foydalanish bo‘lgan.
Live
Barchasi