AQSH Afg‘onistonga yordam bermayapti

Olam

image

Afg‘onistonda 2200 dan ortiq odamning o‘limiga va o‘n minglab kishilarning uysiz qolishiga sabab bo‘lgan zilziladan deyarli bir hafta o‘tganiga qaramay AQSH hanuzgcha favqulodda yordam berish uchun zarur ilk qadamni qo‘ymadi. Bu haqda ikki nafar sobiq, yuqori martabali AQSH amaldori va vaziyatdan xabardor bir manbaga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Vashingtonning Afg‘onistondagi so‘nggi yillardagi eng halokatli zilzilalardan biriga hech qanday munosabat bildirmagani manbalar va sobiq amaldorlarning ta’kidlashicha, Prezident Donald Trampning tashqi yordamni keskin qisqartirishi va asosiy AQSH Tashqi yordam agentligini yopishi orqali uning dunyodagi ofatlarga yordam ko‘rsatishdagi ko‘p yillik yetakchiligidan voz kechganini ko‘rsatadi.

AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) 2 sentyabr kuni rasman yopildi. AQSH Davlat departamenti 1 sentyabr kuni X ijtimoiy tarmog‘ida Afg‘onistonga “chin yurakdan hamdardlik” bildirdi.

Biroq 5 sentyabrga kelib ham Davlat departamenti gumanitar ehtiyoj to‘g‘risidagi deklaratsiyani tasdiqlamadi. Bu AQSHning favqulodda yordam ko‘rsatishini qonuniylashtirish uchun ilk qadam hisoblanadi. Sobiq USAID amaldorlari va uchinchi manbaning aytishicha, bu deklaratsiya katta ofatlardan so‘ng odatda 24 soat ichida chiqariladi.

Manbalarga ko‘ra, Davlat departamenti Afg‘onistonga yordam berish tavsiyalarini ko‘rib chiqqan. Sobiq yuqori martabali amaldorlardan biri aytishicha, masala Oq uyda ham muhokama qilingan, ammo Afg‘onistonga yordamni to‘xtatish siyosati qayta ko‘rib chiqilmagan.

Davlat departamenti vakilidan magnitudasi 6 ball bo‘lgan 31 avgustdagi zilzila va 4-5 senyabr sodir bo‘lgan kuchli takroriy tebranishdan keyin AQSH Afg‘onistonga yordam berishi haqida so‘ralganda “Hozircha e’lon qiladigan yangilik yo‘q”, deb javob bergan.

AQSH shu yilgacha Afg‘onistonning eng yirik "donori" edi. Bu yerda u 20 yil davomida urush olib bordi va 2021 yilda “Tolibon”ning Qobulni egallashi orqali katta tartibsizlik bilan chiqib ketdi. Biroq aprel oyida Tramp ma’muriyati Afg‘onistonga deyarli barcha yordamni – jami 562 million dollarni to‘xtatdi. Sabab sifatida AQSH hisob palatasining hisoboti ko‘rsatildi, unda gumanitar tashkilotlar AQSH yordami orqali olingan mablag‘dan 10,9 million dollarni “Tolibon”ga soliq, boj va yig‘im sifatida to‘lagani aytilgan.

Oq uy rasmiysidan kuchli zilziladan jabrlanganlarga yordam haqida so‘ralganda, u shunday javob berdi:

“Prezident Tramp “Tolibon” hukumati qo‘liga yordam tushmasligini qat’iy ta’minlab kelmoqda. Ular hanuz AQSH fuqarolarini noqonuniy ravishda ushlab turishda davom etmoqda”.

“Omborlarda qotib qolgan”

BMTning gumanitar ishlar bo‘yicha rahbari Tom Fletcher Afg‘onistondagi zilzilani “gumanitar faoliyat uchun mablag‘lar qisqarishining narxini ochiqqa chiqargan so‘nggi krizis” deb atadi.

“Katta moliyaviy qisqartirishlar millionlab odamlar uchun sog‘liqni saqlash va oziq-ovqat xizmatlarini to‘xtatdi, ko‘pincha chekka jamoalar uchun yagona hayotiy bog‘liq vosita bo‘lgan samolyotlarni yerga qo‘ndiradi va yordam tashkilotlarini o‘z faoliyatini qisqartirishga majbur qildi”, dedi u.

Tramp ma’muriyati, shuningdek, Xalqaro qutqarish qo‘mitasining iltimosiga ham javob bermadi. U Afg‘onistonga AQSH mablag‘lari evaziga olingan 105 ming dollarlik tibbiy asbob-uskunalarni jo‘natishni so‘ragan edi. Bu asboblar orasida stetoskoplar, birinchi tibbiy yordam vositalari, nosilka va boshqa zarur jihozlar bor.

“Bu zaxiralar omborlarda qotib qolgan. AQSH shunday inqirozga javob bermagan vaqt bo‘lganini eslay olmayman”, deydi Xalqaro qutqarish qo‘mitasining siyosat va advokatlik bo‘yicha vitse-prezidenti Kelli Razzuk. 

Uning aytishicha, asboblar boshqa bir AQSH granti hisobidan olingan, ammo bu grant Tramp ma’muriyati tomonidan bekor qilingani sababli ularni Afg‘onistonga yuborish uchun Vashingtondan alohida ruxsat olish zarur.

“O‘limlardan tashqari biz asosiy infratuzilma va tirikchilik vositalari yo‘q qilinganini ham ko‘rdik”, deydi BMT taraqqiyot dasturining Afg‘onistondagi vakili Stiven Rodriges.

Rodrigesning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya, Janubiy Koreya, Avstraliya, Hindiston, Pokiston, Eron, Turkiya va boshqa davlatlar pul, mol va xizmat ko‘rinishida yordam jo‘natgan.

“Biroq hali juda ko‘p kerak”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 sentyabr kuni Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida sodir bo‘lgan zilzila oqibatida ko‘plab odamlar hayotdan ko‘z yumgani va jarohat olgani munosabati bilan Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati rahbariyatiga hamdardlik bildirgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston AQSh zilzila

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing