AQSH Afg‘oniston ustidan parvozlarga yangi cheklovlar kiritadi
Olam
−
27 iyul 2021
3708AQSHning Fuqaro aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) Amerika aviakompaniyalari uchun Afg‘oniston hududi ustidan parvozlarga yangi cheklovlar qo‘yilishini e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘onistonning deyarli barcha hududini o‘z ichiga olgan Qobulda 26 000 futdan kam (taxminan 8 km) balandlikda parvozlar taqiqlanadi, poytaxtning Hamid Karzay xalqaro aeroportiga parvozlar esa bundan mustasno.
“Afg‘oniston hududi va havo hududidagi AQSH parvoz operatorlariga mamlakatda isyon va harbiy harakatlar davom etayotgani eslatiladi. Past balandliklarda parvoz qilayotgan fuqarolik samolyotlari zarar ko‘rgan”, deyilgan xabarda.
Qayd etilishicha, ogohlantirish “ekstremistik yoki harbiy faoliyat” tufayli yuzaga keladigan xatarlar bilan bog‘liq holda kiritilgan. Cheklovlar AQSHning harbiy operatsiyalariga taalluqli emasligi ta’kidlangan.
Ma’lumot o‘rnida, 28 iyun kuni FAA AQSH fuqarolariga “COVID-19, jinoyatchilik, terrorizm, fuqarolar tartibsizligi, odam o‘g‘irlash va qurolli to‘qnashuvlar” sababli Afg‘onistonga bormaslikni tavsiya qilgandi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi