AQSH Afg‘oniston hududiga zarba berishni davom ettiradi – “Politico”

Olam

image

Kelajakda amerikalik harbiylar Afg‘onistondagi ISHID jangarilariga zarba berish uchun asosan AQSH Harbiy-dengiz kuchlarining samolyotlaridan foydalanadi. Bu haqda “Politico” nashri xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, Vashington ma’muriyati Afg‘onistondagi ISHID jangarilariga samolyot va dronlar yordamida havo hujumlarini uyushtirishga tayyorligini bildirgan.

“Biroq, samolyotlar yordamida razvedka ma’lumotlarini to‘plash uchun uzoq masofadan muntazam ravishda bunday missiyalarni bajarish rejasi ishlab chiqilmagan”, deyiladi xabarda.

AQSH armiyasiga ko‘ra, katta ehtimol bilan bu missiyalarning ko‘pi Harbiy-dengiz kuchlariga yuklatiladi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Vashington Afg‘oniston yaqinida AQSH nazoratidagi aerodromlarning yo‘qligi sababli tashuvchi samolyotlardan foydalanishi mumkin.

Ekspertlarga ko‘ra, AQSH Afg‘onistondagi vaziyat haqida ma’lumot to‘plash va uzoq masofadan zarba berish uchun mo‘ljallangan dronlardan ko‘proq foydalanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Qayd etish kerakki, hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh IShID havo hujumi

Baholaganlar

261

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing