Epshteyn fayllari: Tramp moliyachining samolyotida 8 marta uchgan
Olam
−
24 dekabr 2025 2881 3 daqiqa
AQSH Adliya vazirligi voyaga yetmaganlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va odam savdosida ayblangan moliyachi Jeffri Epshteyn ishiga oid yangi hujjatlar to‘plamini e’lon qildi.
Yangi “Epshteyn fayllari”dan ma’lum bo‘lishicha, AQSH Prezidenti Donald Tramp 1990 yillarda Epshteynning shaxsiy samolyotida sakkiz marta parvoz qilgan. Ular orasida xotini va qizi bilan bo‘lgan safarlar, shuningdek, ismi oshkor etilmagan 20 yoshli qiz bilan amalga oshirilgan bir parvoz ham bor. Bu haqda “The Wall Street Journal” gazetasi xabar bermoqda.
Hujjatlar orasida jurnalistlar Epshteynga tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan, 2019 yilda Nyu-York qamoqxonasida vafot etishidan bir necha kun oldin yozilgan maktubni ham topishgan. Ushbu maktub muallifi Prezident “yosh qizlarga bo‘lgan muhabbatni bo‘lishadi” va “yosh go‘zallarning intim joylariga tegishni yoqtiradi”, deb yozgan.
Shuningdek, NBC telekanalining aniqlashicha, hujjatlar orasida 2020 yilgi prezidentlik saylovlari arafasida Federal qidiruv byurosiga yuborilgan anonim xabarlar ham mavjud. Anonimlardan biri 1990 yillarda o‘zini Tramp va Epshteyn tomonidan zo‘rlanganini aytgan ayolni taniyman, deb da’vo qilgan. NBC'ning ta’kidlashicha, FQB ushbu xabarni tergov qilgan-qilmagani noma’lum.
AQSH Adliya vazirligi ayrim e’lon qilingan hujjatlar Prezident Trampga nisbatan “yolg‘on va shov-shuvli ayblovlar”ni o‘z ichiga olishini va ular “hech qanday ishonchli asosga ega emas”ligini ma’lum qildi.
Donald Trampning o‘zi avvalroq Epshteyn bilan munosabatlarni 2006 yildagi birinchi hibsidan oldin uzganini aytgan edi. Oq uy rahbari hozircha moliyachining shaxsiy samolyotida qilgan parvozlari va yangi ayblovlar yuzasidan izoh bermagan.
Noyabr oyi oxirida AQSH Prezidenti Adliya vazirligini Jeffri Epshteyn ishiga oid barcha materiallarni e’lon qilishga majbur etuvchi qonunni imzoladi. Materiallarning birinchi qismi 19 dekabr kuni e’lon qilindi – o‘shanda Adliya vazirligi 13 mingta tahrirlangan faylni joylashtirgan. Ularning katta qismi yo avval e’lon qilingan, yoki jabrlanganlarni himoya qilish maqsadida jiddiy qisqartirilgan edi. “Epshteyn fayllari”dagi suratlarda Donald Trampdan tashqari, sobiq shahzoda Endryu, xonandalar Mik Jagger va Maykl Jekson, AQSHning sobiq prezidenti Bill Klinton, Google hammuassisi Sergey Brin, Microsoft asoschisi Bill Geyts, olim va publitsist Noam Xomskiy va boshqa ko‘plab mashhur shaxslar ham aks etgan.
Adliya vazirligi ta’kidlashicha, bu suratlarda mashhur shaxslarning mavjudligi ular Epshteyn xizmatlaridan foydalangani yoki bolalarning jinsiy ekspluatatsiyasiga aloqador ekanini isbotlamaydi.
Materiallarning ikkinchi qismi 22 dekabr kuni saytda paydo bo‘ldi, ammo bir necha soatdan keyin o‘chirib tashlandi. Vazirlikka ko‘ra, “begona shaxslar vazirlikning yopiq veb-saytiga ruxsatsiz kirish imkoniga ega bo‘lgan”. Tahrirlangan materiallar 23 dekabr kuni qayta e’lon qilindi.
“Epshteyn fayllari”ni e’lon qilish Donald Trampning saylov oldi va’dalaridan biri bo‘lgan. Ammo prezidentlik lavozimiga kirishgach, u materiallarni oshkor qilishni cho‘zib kelgan. Tanqidchilar Oq uy rahbarini Epshteyn bilan aloqalarini va ehtimoliy shaxsiy daxldorligini yashirishga urinishda ayblashmoqda.
Tergov versiyasiga ko‘ra, Jeffri Epshteyn odamlar, jumladan, bolalarni jinsiy ekspluatatsiya qilish maqsadida odam savdosi tarmog‘ini tashkil etgan. U o‘zi ham voyaga yetmagan qizlar xizmatlaridan foydalangan va ularni boshqa ta’sirli shaxslarga taqdim etgan.
2008 yilda Epshteyn fohishalikni tashkil qilish ishi bo‘yicha hibsga olingan va sudlangan. U tergov bilan kelishuvga borib, qamoqda atigi 13 oy o‘tirgan. 2019 yilda esa u yana odam savdosida ayblanib, hibsga olingan. Oradan ko‘p o‘tmay, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Nyu-York qamoqxonasida o‘z joniga qasd qilgan.
2025 yil sentyabr oyida AQSH Demokratik partiyasi a’zolari 20 yildan ortiq vaqt avval Epshteynga yuborilgan, ularning ta’kidlashicha, Donald Tramp tomonidan imzolangan tabrik otkritkasining suratini e’lon qildi.
Otkritkada yalang‘och ayol tanasining shartli tasviri va “Jeffri” hamda “Donald” o‘rtasidagi muloqot aks etgan bo‘lib, u quyidagi so‘zlar bilan yakunlanadi:
“Tug‘ilgan kuning muborak va har bir kun yangi ajoyib sir bo‘lsin”.
Live
Barchasi