AQSH Adliya vazirligi Apple'ni smartfonlar bozorini monopollashtirishda aybladi
Texnologiya
−
22 mart
4170AQSH Adliya vazirligi va 16 ta shtatning bosh prokurorlari Apple kompaniyasini smartfonlar bozorini monopollashtirishda ayblab, sudga murojaat qildi. Bu haqda Adliya vazirligi tarqatgan press relizida aytiladi.
“Apple'ning cheklovchi harakatlari amerikaliklarning yangi smartfonlarga (boshqa ishlab chiqaruvchilardan – tahr.) o‘tishini qiyinlashtiradi, ilovalar, mahsulotlar va xizmatlardagi innovatsiyalarga putur yetkazadi va ishlab chiquvchilar, biznes hamda iste’molchilar uchun katta xarajatlarga olib keladi”, deyiladi xabarda.
AQSH Bosh prokurori va adliya kotibi Merrik Garlandning fikricha, Apple nafaqat raqobatchilardan ustun bo‘lgani uchun, balki monopoliyaga qarshi federal qonunlarni buzgani uchun ham smartfonlar bozorida monopol mavqeini saqlab turibdi.
"Iste’molchilar yuqori narxlarni to‘lashlari shart emas, chunki kompaniyalar monopoliyaga qarshi qonunlarni buzadi", deydi Garland.
Shuningdek, Apple kompaniyasiga nisbatan yana bir ayblov foydalanuvchilarga turli smartfon platformalari o‘rtasida osonroq almashish imkonini beradigan boy funksiyalarga ega ilovalarni bloklagani bo‘yicha qo‘yilgan.
Bundan tashqari, departamentning da’vo arizasida aytilishicha, Apple qimmatbaho smartfon apparatlari uchun pul to‘lamasdan yuqori sifatli video o‘yinlar va bulutga asoslangan boshqa ilovalardan bahramand bo‘lish imkonini beruvchi ilovalar hamda bulutli oqim xizmatlarini ishlab chiqishni cheklaydi.
Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya o‘z messenjerining boshqa ishlab chiqaruvchilar qurilmalaridagi funksiyalarini va agar u boshqa ishlab chiqaruvchilar smartfonlariga ulangan bo‘lsa, Apple Watch funksiyasini ataylab cheklaydi.
O‘z navbatida, Apple Adliya vazirligining da’vosiga izoh berar ekan, agar bu muvaffaqiyatli bo‘lsa, Apple'ning odamlar undan kutayotgan – apparat va dasturiy ta’minot, shuningdek, xizmatlar o‘zaro bog‘langan texnologiyalarni yaratish qobiliyatiga putur yetkazishini aytdi.
"Bu (AQSH) hukumatiga odamlar uchun texnologiya rivojini qattiq nazorat qilish imkoniyatini berib, xavfli pretsedent yaratadi", deyiladi Apple bayonotida.
So‘nggi 14 yil ichida AQSH Adliya vazirligi Apple'ga qarshi monopoliyaga qarshi qonunbuzarliklar yuzasidan ikki marta sudga murojaat qildi, biroq u birinchi marta kompaniyani bozordagi o‘zining ustun mavqeini noqonuniy manipulyatsiya qilishda ayblamoqda.
LiveBarchasi