AQSH 6-avlod qiruvchi samolyotini e’lon qildi

Texnologiya

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSHning Boeing kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilayotgan dunyodagi birinchi 6-avlod qiruvchi samolyoti F-47 ni e’lon qildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

“Mening buyrug‘im bilan AQSH harbiy-havo kuchlari dunyodagi birinchi 6-avlod qiruvchi samolyotini yaratishga kirishdi. Dunyo bunday narsani hali ko‘rmagan”, deydi Tramp.

F-47 haqida e’lon qilish marosimi kecha, 21 mart kuni Oq uy Oval kabinetiga bo‘lib o‘tgan. Marosimda Tramp bilan birga AQSH Mudofaa vaziri Pit Xegset va armiyaning generallari ham ishtirok etgan. Zalga yangi samolyotning taxminiy tasviri tushirilgan bannerlar ham joylashtirilgan.

Tramp qiruvchi nima uchun aynan F-47 deb nomlangani haqida izoh bermagan. U bu “chiroyli son” ekanini aytib, nomni generallar tanlaganini qo‘shimcha qilgan. Ayrim ommaviy axborot vositalari esa Trampning hozirda AQSHning 47-prezidenti ekaniga ishora qilgan.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi qiruvchi samolyot tezlik, manyovr va jangovar yuk ko‘tarish bo‘yicha barcha analoglaridan ustun bo‘ladi va “eng o‘limli” harbiy samolyotga aylanadi. Unda yashirin (stealth) texnologiya qo‘llanib, deyarli ko‘rinmas bo‘lishi ta’kidlandi.

Trampning ta’kidlashicha, F-47 ustida deyarli besh yildan beri ish olib borilmoqda va eksperimental versiyalarda sinov parvozlari allaqachon amalga oshirilgan. Harbiy-havo kuchlari Boeing kompaniyasini asosiy ishlab chiqaruvchi sifatida tanlagan. Oldingi avlod F-35 qiruvchisi Lockheed Martin tomonidan ishlab chiqilgan edi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, F-47 samolyotlari kelgusi bir necha yil ichida hozirgi ma’muriyat davrida ishlab chiqariladi.

AFP agentligining eslatishicha, AQSHda oltinchi avlod qiruvchi samolyot yaratish dasturi NGAD (Next Generation Air Dominance – “Yangi avlod havo ustunligi”) nomi bilan ma’lum bo‘lgan. 2018 yilda AQSH Kongressi bitta NGAD samolyotining narxi 300 million dollargacha yetishi mumkinligini hisoblab chiqqan. 2024 yilda AQSH harbiy-havo kuchlari NGAD dasturini vaqtincha to‘xtatgan edi.

“Associated Press” agentligi NGAD loyihasining umumiy qiymatini 20 milliard dollar deb baholasa, ayrim ekspertlar bu summani yuzlab milliard dollarga yetishini taxmin qilmoqda. AQSHda bu dastur zarurligiga shubha bilan qarayotgan tanqidchilar ham bor. Ularning fikricha, F-35 va oltinchi avlod bombardimonchi B-21 Raider ham ayni funksiyalarni bajarishga qodir.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing