AQSH 2001 yil 11 sentyabrda boshlangan urush davrini tugatishi kerak – Bayden
Olam
−
24 Sentabr
4256Qo‘shma Shtatlar 2001 yil 11 sentyabrdagi terror hujumi bilan boshlangan urush davrini tugatishi kerak. Bu haqda AQSH Prezidenti Jo Bayden bugun, 24 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida so‘z ochdi.
U 2001 yil 11 sentyabrda Usoma bin Ladenning buyrug‘i bilan “Al-Qoida” guruhi terrorchilari AQSH shaharlariga qilgan hujumini esladi.
“Biz uning uchun adolat qozondik. 11 sentyabrda boshlangan urush davrini tugatishimiz kerak”, deydi Bayden.
Bayden mamlakat sobiq prezidenti Barak Obama davrida vitse-prezident sifatida AQSH Iroqdagi harbiy amaliyotlarini to‘xtatganini, uning prezidentligi davrida esa qiyin bo‘lishiga qaramay to‘g‘ri qaror bilan AQSH Afg‘onistonni tark etganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, u Ukrainadagi mojaro va Falastin-Isroil qarama-qarshiligi haqida ham so‘z ochdi.
“Men bilaman, ko‘p odamlar bugun dunyodagi vaziyatga boqib, mashaqqatlarni ko‘radi va ularga umidsizlik bilan munosabatda bo‘ladi. Lekin men bunday deb o‘ylamayman. Dunyo yetakchilari sifatida bizda bunday hashamat yo‘q. Men Ukraina, G‘azo, Sudan va undan tashqaridagi muammolarni tan olaman – urush, ocharchilik, terrorizm, ko‘chirilgan odamlar, iqlim inqirozi, tahdid ostidagi demokratiya... Ro‘yxatni davom ettirishimiz mumkin. Lekin o‘nlab yillar davomida birga qilgan ishlarimiz tufayli umidim bor. Oldinga yo‘l borligini bilaman”, dedi AQSH Prezidenti.
Shuningdek, u dunyo tarixiy yangi burilish nuqtasida ekaniga ishonishini va bugungi tanlovlar o‘nlab yillar keyingi kelajakni belgilashini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Jo Bayden G‘arb Ukraina BMT Nizomiga muvofiq adolatli va barqaror tinchlikka erishmaguncha uni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatmasligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Kongressdan Ukrainaga 5,8 milliard dollar miqdorida harbiy yordam ajratish bo‘yicha muddati tugaydigan vakolatni uzaytirishni talab qilgan edi.
LiveBarchasi