AQSH husiylarga qarshi uzoq muddatli urushga tayyorlanmoqda – WP

Olam

image

AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Yamandagi husiylarga qarshi 10 kunlik zarbalar guruhning Qizil dengizdagi savdo kemalariga hujumlarini to‘xtata olmaganidan keyin uzoq muddatli harbiy kampaniya o‘tkazish rejalarini ishlab chiqmoqda. Bu haqda ismi oshkor etilmagan rasmiylarga tayanib, “The Washington Post” nashri xabar berdi

Qayd etilishicha, Oq uyda 17 yanvar kuni radarlar, raketalar va dronlarni yo‘q qilish bo‘yicha deyarli har kungi amaliyotlarga qaramay, kemalarga hujum qilishni davom ettirishga va’da bergan husiylarga javoban oldinga siljish variantlarini muhokama qilish uchun AQSH rasmiylari yig‘ilgan.

"Biz husiylar kimligini va ularning dunyoqarashini aniq tushunamiz. Shuning uchun ular darhol to‘xtab qolishlariga ishonchimiz komil emas, lekin biz, albatta, ularning imkoniyatlarini zaiflashtirish va yo‘q qilishga harakat qilmoqdamiz", deydi Prezident ma’muriyatining yuqori martabali xodimi.

Rasmiylarning aytishicha, ular operatsiya Iroq, Afg‘oniston yoki Suriyadagi kabi yillarga cho‘zilishini kutmayapti. Shu bilan birga, mulozimlar operatsiyani yakunlash sanasini yoki guruhning harbiy salohiyati qachon yetarli darajada zaiflashishini taxmin qila olmasligini tan oldi.

Ta’kidlanishicha, ushbu sa’y-harakatlarning bir qismi sifatida AQSH Harbiy-dengiz kuchlari ham Erondan husiylarga qurol-yarog‘ yuborilishini to‘xtatish ustida ishlamoqda.

"Biz husiylarni mag‘lub etishga urinmayapmiz. Yamanga bostirib kirish istagimiz ham yo‘q. Biz ularning kelajakda shunga o‘xshash hujumlarni amalga oshirish qobiliyatini zaiflashtirmoqchimiz va bu shunday hujumlarni amalga oshirishga imkon beruvchi infratuzilmani hamda ularning imkoniyatlarini nishonga olishni anglatadi”, degan ismi oshkor etilmagan diplomat.

Manbaga ko‘ra, AQSH zarbalar kontrabanda qurollarini ushlab qolish kampaniyasi bilan birgalikda husiylarni asta-sekin kuchli qurollardan mahrum qilishiga umid qilmoqda. Shu bilan birga, ba’zi amerikalik rasmiylar Amerika armiyasining aralashuvi Yamandagi urushni tugatishga qaratilgan qiyin diplomatik yutuqlarni barbod qilishi yoki arab dunyosining eng qashshoq mamlakatida shusiz ham og‘ir gumanitar vaziyatni yomonlashtirishi mumkinligidan xavfsiramoqda.

Xususan, Davlat departamenti va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi husiylar Saudiya Arabistoni nishonlariga, xususan neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlarini kengaytirib, Yamandagi to‘qqiz yillik urushga barham beradigan tinchlik kelishuviga erishish harakatlariga putur yetkazishidan xavotirda.

Shuningdek, AQSH rasmiylari husiylarga hujum qilib, Qo‘shma Shtatlar chiqish strategiyasisiz va asosiy ittifoqchilarning cheklangan ko‘magi bilan mojaroga tortilganidan xavfsiramoqda. Qayd etish joizki, AQSHning Fors ko‘rfazidagi eng kuchli hamkorlari, masalan, Qatar Amerika operatsiyasini qo‘llab-quvvatlamadi.

O‘tgan hafta AQSH Prezidenti Jo Bayden Qo‘shma Shtatlar husiylarga zarba berishda davom etishini aytdi va ularga qarshi so‘nggi hujumlar Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni to‘xtatmaganini tan oldi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Yaman Jo Bayden husiylar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing