AQSH hukumati Google’ning bo‘linishini talab qildi

Texnologiya

image

AQSHda texnologik gigant Google kompaniyasini bo‘lish masalasi bo‘yicha sud jarayonlari davom etmoqda. Bu haqda “The New York Times” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, sud allaqachon Google’ni onlayn-qidiruv sohasida monopolist deb tan olgan.

“Google monopolist va o‘z monopoliyasini saqlab qolish uchun shunga yarasha harakat qilmoqda”, degan sudya.

Endilikda sudda AQSH hukumati va Google kompaniyasi o‘rtasida onlayn qidiruv bozorida raqobatni qanday tiklash kerakligi ustida bahs yuritilmoqda.

Adliya vazirligi quyidagilarni talab qilmoqda:

  • Google kompaniyasi Chrome brauzerini sotishi, bu orqali qidiruv tizimini takomillashtirishda foydalaniladigan asosiy ma’lumot manbaidan ajratilishi kerak;
  • Kompaniya o‘zida mavjud muqobil xizmatlarga yordam berishi mumkin bo‘lgan muhim ma’lumotlarning bir qismini raqobatchilarga topshirishi lozim;
  • Qidiruv tizimini qurilmalarda birinchi o‘ringa joylashtirish uchun boshqa kompaniyalarga pul to‘lashni taqiqlash.

Agar bu choralar natija bermasa, Adliya vazirligi Google’ni Android operatsion tizimida sotishga majbur qilish huquqini ham olishni ko‘zlamoqda.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, hozirda Google’ning umumiy qiymati 1,86 trillion dollarga baholanmoqda.

Ma’lumot uchun, AQSH Adliya vazirligi 2020 yilda Google’ga qarshi antimonopol da’vo arizasi kiritgan. Kompaniya raqobatga to‘sqinlik qilishda, ya’ni o‘z qidiruv tizimini veb-brauzerlar va smartfonlarning asosiy ekranlarida oldindan o‘rnatish bo‘yicha kelishuvlar tuzishda ayblanmoqda. Masalan, 2021 yilda Google Apple va Samsung kompaniyalariga jami 26,3 milliard dollar to‘lagan.

Google esa o‘zini himoya qilib, foydalanuvchilar tanlovi kompaniyaning mahsuloti raqobatchilardan, masalan, Microsoft’ning Bing yoki DuckDuckGo’dan yaxshiroq bo‘lgani sababli yuz berganini ta’kidlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning oktyabr oyida AQSH Adliya vazirligi Alphabet – Google kompaniyasining egasidan sud orqali kompaniyaning ayrim qismlarini, masalan, Chrome brauzeri va Android operatsion tizimini sotishni talab qilishi mumkinligini ma’lum etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Google Alphabet Chrome

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing