AQSH harbiy kemalarini lazer qurollar bilan jihozladi
Olam
−
12:15 1547 2 daqiqa
AQSH harbiy-dengiz kuchlari lazer qurollari bilan jihozlangan esminetslar sonini oshirmoqda. Pentagon hozirga qadar 9 ta “Arleigh Burke” turidagi harbiy kemaga lazer tizimlarini o‘rnatdi. Bu haqda “The War Zone” xabar berdi.
Qayd etilishicha, lazer tizimlari o‘rnatilgan kemalar orasida Yaqin Sharqda xizmat qilayotgan “USS Spruance va USS John Finn” (jangovar tizim bilan jihozlangan va boshqariladigan raketalar) esminetslari ham bor. Ushbu kemalar hozirda Eron bilan bog‘liq harbiy operatsiyalar hududida harakatlanmoqda.
AQSH armiyasi so‘nggi yillarda qimmat raketalarga qaramlikni kamaytirishga urinyapti. Qizil dengizdagi husiylar hujumlari, Eron bilan bog‘liq keskinlik hamda Ukrainadagi urush Pentagonni arzonroq va qayta foydalanish mumkin bo‘lgan qurollarga sarmoya kiritishga majbur qilgan.
Esminetslarga o‘rnatilgan ODIN lazer tizimi dushman dronlari va raketalardagi optik sensorlarni “ko‘r” qilish orqali ularni nishondan chalg‘itadi. Tizim razvedka kameralarini ham vaqtincha ishdan chiqarishi mumkin.
Shuningdek, “USS Preble” esminetsiga HELIOS nomli yanada kuchli lazer tizimi o‘rnatilgan. 60 kilovatt quvvatga ega ushbu kompleks kichik dronlarni urib tushirish va tezkor hujum katerlarini yo‘q qilish imkoniyatiga ega. O‘tgan yilgi sinovlarda HELIOS to‘rtta dronni muvaffaqiyatli zararsizlantirgani aytilgan.
Biroq mutaxassislarning fikriga ko‘ra, lazer qurollarining ham kamchiliklari bor. Xususan, ob-havo sharoiti, uzoq masofa va yuqori energiya talabi tizim samaradorligiga ta’sir qilishi mumkin.
Shunga qaramay, Pentagon lazer texnologiyalarini kelajak dengiz urushlarining muhim elementi sifatida ko‘rmoqda. AQSH yaqin yillarda yanada kuchli lazer tizimlarini ishlab chiqishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Senati Prezident Donald Trampning harbiy vakolatlarini cheklash haqidagi qonun loyihasini ma’qullagan edi.
Mohina Qudratillayeva
Live
Barchasi