AQSH harbiy flotiliyasi Eron tomonga yo‘l oldi – Tramp
Olam
−
23 yanvar 4371 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakatining katta harbiy floti Yaqin Sharqqa yo‘l olayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u kecha, 23 yanvar kuni “Air Force One” bortida jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.
“Men hech narsa sodir bo‘lmasligini istardim. Ammo biz vaziyatni juda diqqat bilan kuzatyapmiz. Juda katta flot ushbu yo‘nalishda harakatlanmoqda. Balki undan foydalanishga hojat ham qolmas. Ko‘ramiz”, degan Tramp.
Isroilning “Haaretz” nashri ikki nafar amerikalik rasmiyning so‘zlariga tayanib xabar berishicha, AQSH Yaqin Sharqqa USS Abraham Lincoln aviatsiya tashuvchi kemasini, shuningdek, esminetslar va qiruvchi samolyotlarni ham yuborgan. Ular o‘tgan hafta Osiyo-Tinch okeani mintaqasini tark etgan va “yaqin kunlarda” Yaqin Sharqqa yetib borishi kutilmoqda.
“The Jerusalem Post” nashri 19 yanvar kuni aviatsiya tashuvchi kema va zarba beruvchi guruhlar Malayziya va Indoneziya o‘rtasida joylashgan Malakka bo‘g‘oziga yetib kelganini yozgan.
Eron bilan keskinlik kuchaygan bir paytda, Isroil Mudofaa armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, general Eyal Zamir Isroil har qanday tahdid soluvchi dushmanga qarshi harakat qilishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni, general Muhammad Pakpur esa AQSH va Isroilni “har qanday xatolarni chuqur o‘ylab ko‘rishga” chaqirgan. Uning aytishicha, aks holda yanada og‘ir oqibatlarga duch kelishlari mumkin.
“Qo‘riqchilar korpusi va Eron hozir har qachongidan ham ko‘proq jangovar shay holatda. Biz Oliy bosh qo‘mondonning buyruq va ko‘rsatmalarini bajarishga tayyormiz”, degan Pakpur.
Shuningdek, Eron rasmiylari harbiy harakatlar boshlangan taqdirda Isroil hududi hamda Yaqin Sharqda joylashgan AQSH harbiy bazalari “qonuniy nishonlar”ga aylanishini ogohlantirgan.
Qayd etish joiz, o‘z chiqishlaridan birida Tramp Eronda Oyatulloh Ali Xomanaiy boshqaruviga barham berish kerakligini bildirgan edi. AQSH Prezidentining ta’kidlashicha, Islom Respublikasi rahbari mamlakatning “to‘liq vayron bo‘lishi” va “misli ko‘rilmagan darajadagi zo‘ravonliklar” uchun mas’uldir.
Shuningdek, Tramp bir necha bor Eron hukumati namoyishlarni shafqatsiz bostirsa va insonlar halok bo‘lsa, eronlik norozilarga yordam berishini aytgan.
Keyinchalik u ohangini yumshatib, Eron namoyishchilariga nisbatan o‘lim jazolari bekor qilingani sababli Tehronga zarba bermaslikka shaxsan qaror qilganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida 3117 nafar odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi