AQSH ham Ozarbayjon samolyotining halokatida Rossiyani ayblayapti
Olam
−
28 dekabr
2441Ba’zi dastlabki belgilar Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining samolyoti Rossiya havo mudofaa tizimi ta’sirida qulagani ehtimolini ko‘rsatmoqda. AQSHda bu bo‘yicha tegishli razvedka ma’lumotlari mavjud. Bu haqda kecha, 27 dekabr kuni Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
Kirbi tergov davom etayotganiga ishora qilib, batafsil ma’lumot berishdan bosh tortgan. AQSHda bunday xulosaga kelishga yordam bergan razvedka ma’lumotlari bormi yoki Vashington faqat qulashni vizual baholashga asoslangan mutaxassislarning taxminlariga tayanadimi degan savolga Kirbi “ha” deb javob bergan, ammo qo‘shimcha ma’lumot taqdim etishdan bosh tortgan.
Shu bilan birga, ikki nafar amerikalik harbiy amaldorning NBC News telekanaliga ma’lum qilishicha, AQSHda rossiyaliklarning Ozarbayjon yo‘lovchi samolyotini noto‘g‘ri identifikatsiya qilib, uni dron deb o‘ylagani sababli havo mudofaa tizimidan foydalanganiga oid razvedka ma’lumotlari bor. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu samolyotning notekis parvoz trayektoriyasi va balandligi tufayli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, ular tergov hali davom etayotganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni ertalab Embraer 190 samolyoti halokatga uchragandi. Baku shahridan Grozniyga yo‘l olgan samolyot nooddiy vaziyat sababli Qozog‘istonning Aqtau shahriga yo‘nalgan va aerodromdan 3 km uzoqlikda qulab tushgan. Samolyot bortidagi 67 kishidan 38 nafari halok bo‘lgan. Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.
LiveBarchasi