AQSH ham Ash-Sharani terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi

Olam

image

AQSH Davlat departamenti kecha, 7 noyabr kuni kechqurun ma’lum qilishicha, Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara va ichki ishlar vaziri Anas Hasan Xattab terrorchilar ro‘yxatidan chiqarildi. Bayonotda ta’kidlanishicha, BMT Xavfsizlik kengashi AQSH tayyorlagan rezolyutsiyani qabul qilib, “Suriyaning yangi bosqichga o‘tishi”ni tasdiqlovchi kuchli siyosiy signal bergan.

“Prezident ash-Shara boshchiligidagi yangi Suriya hukumati bedarak yo‘qolgan amerikaliklarni qidirish, terrorizm va giyohvandlikka qarshi kurashish, kimyoviy qurol qoldiqlarini yo‘q qilish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikka hissa qo‘shish hamda suriyaliklar rahbarligidagi inklyuziv siyosiy jarayonni ilgari surish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda”, deyilgan Davlat departamenti bayonotida.

10 noyabr kuni ash-Shara Vashingtonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirishi rejalashtirilgan. Kutilmoqdaki, u Oq uyda Donald Tramp bilan uchrashuvda AQSH rahbarligidagi “Islom davlati” (ISHID) ga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish haqidagi kelishuvni imzolaydi. Bu tashrif BMT Xavfsizlik kengashi sanksiyalarni bekor qilmagan taqdirda ham amalga oshgan bo‘lardi, chunki Kengashning sanksiyalar bo‘yicha qo‘mitasi avvalroq vaqtinchalik hukumat rahbariga safar qilish uchun ruxsat bergan edi.

6 noyabr kuni BMT Xavfsizlik kengashi ash-Shara va Xattabga nisbatan joriy etilgan, ISHID va “Al-Qoida” bilan bog‘liq xalqaro sanksiyalarni bekor qildi. AQSH tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiyani 15 a’zodan 14 nafari, jumladan Rossiya ham, qo‘llab-quvvatladi, Xitoy esa betaraf qoldi.

Britaniya, Rossiya, Fransiya va Pokiston vakillari bu qarorni Suriya iqtisodiyotini tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. Yangi suriyalik hokimiyat esa sanksiyalarni bekor qilishni mamlakatga nisbatan “ortayotgan ishonch” va xalqaro hamjamiyatga qayta integratsiya imkoni sifatida qabul qildi.

AQSH bir necha oydan beri BMT Xavfsizlik kengashini Suriyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatishga chaqirib kelayotgan edi. May oyida Donald Tramp Vashingtonning Damashqka nisbatan siyosatini keskin o‘zgartirib, amerikalik tomondan joriy etilgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilishini e’lon qilgan edi.

BMT Xavfsizlik kengashi qarori qabul qilinganidan bir kun o‘tgach, London ham ash-Shara va Xattabni terrorchilar ro‘yxatidan chiqardi. Ular avval ISHID va “Al-Qoida”ga qarshi kiritilgan Britaniya moliyaviy cheklovlariga tushgan edi. 2024 yil oktyabrda mamlakat “Hayyat Taxrir ash-Shom” (HTASH) guruhini ham terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqargan – aynan shu guruh 2024 yil dekabrida Suriyada hokimiyatni qo‘lga kiritgan edi.

“Reuters” agentligining xabar berishicha, Yevropa Ittifoqi ham ash-Sharaga nisbatan cheklovlarni bekor qilishga tayyorlanmoqda. 

“Biz suriyaliklar rahbarligidagi tinch va inklyuziv siyosiy o‘tish jarayonini qo‘llab-quvvatlashda sodiqmiz, bu Suriya xalqi uchun yaxshiroq kelajak qurishga yordam beradi”, dedi Yevropa komissiyasi vakili.

2024 yil oxirida Bashar Asadni ag‘dargan Ahmad ash-Shara avval Abu Muxammad al-Jo‘loniy nomi bilan tanilgan. U 2003 yilda Iroqda AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlariga qarshi kurashish uchun “Al-Qoida” saflariga qo‘shilgan. 2006 yilda amerikalik harbiylar tomonidan qo‘lga olinib, Iroqdagi qamoqxonalarda besh yil o‘tirgan.

2011 yilda ozodlikka chiqqanidan so‘ng, u “Jabhat an-Nusra” — “Al-Qoida”ning Suriya bo‘limiga asos solib, uni boshqargan. Keyinchalik bu tashkilot 2017 yilda “Hayyat Taxrir ash-Shom” (HTASH) deb o‘zgartirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Asad hokimiyatini ag‘darish bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Suriya Ahmad ash-Shara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing