AI-80 da yuradigan mashinalar havoni eng ko‘p ifloslantiryapti – Ekologiya vaziri
Jamiyat
−
30 yanvar
7081Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Toshkent shahri havosidagi PM 2,5 zarralarining 60-65 foizi AI-80 benzinida yuradigan mashinalardan chiqadigan zarrachalar hisobiga ko‘payganini aytdi. Bu haqda u bugun, 30 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida ma’lum qildi.
“Bundan tashqari, oxirgi yillarda yerlar degradatsiya bo‘lishi oqibatida Qozog‘iston va o‘zimizning cho‘llangan hududlardan mayda zarrachalar ko‘tarilib, Toshkent shahrida PM2,5 zarrachalarining ko‘payishiga olib keladi. Bu taxminan 15-20 foiziga to‘g‘ri keladi”, deydi Abduhakimov.
Vazirning aytishicha, PM2,5ning qolgan 20 foizi ko‘mir va mazut yoqish ko‘paygani va sanoat korxonalari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, u yuqorida sanalgan raqamlar birgina O‘zgidromet xizmati agentligida emas, balki xalqaro tashkilotlarning hisobotlarida ham ko‘rsatilganini qo‘shimcha qildi.
Bundan tashqari, vazir atmosfera havosiga tashlamalar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyati (679,7 ming tonnani tashkil etgan) hissasiga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Uning aytishicha, bunda avtotransport vositalarining ulushi 252,1 ming tonna, sanoat korxonalarining ulushi 427,6 ming tonnani tashkil etgan.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida atmosfera havosiga 417,6 ming tonna, xususan, avtotransport vositalaridan 396,6 ming tonna yoki 95 foiz, sanoat korxonalaridan 21 ming tonna yoki 5 foiz tashlamalar chiqarilgan.
Shuningdek, vazir Toshkent atmosfera bo‘yicha qizil toifadagi shaharlar sirasiga kirayotganining omillaridan biri shaharning bosh rejasi tasdiqlanmagani ekanini aytdi.
“Shaharsozlik bosh rejasi tasdiqlanmasdan qurilish bo‘lyapti. Yashil zona qayerda bo‘lsa, o‘sha yerda qurilish amalga oshirilmasligi kerak, lekin bosh reja bo‘lmagani bois biz bilolmayapmiz. Masalan, so‘ngi 5 yilda Toshkentda 5400 ta ob’ekt barpo etilgan”, deydi Abduhakimov.