Ag‘darilgan Niger Prezidentining ittifoqchilari AQSHdan uning hayotini asrab qolishni so‘rayapti
Olam
−
13 avgust 2023
6807Taxminan uch haftadan beri demokratik yo‘l bilan saylangan Niger yetakchisining do‘stlari va tarafdorlari Amerika Qo‘shma Shtatlari va boshqa ittifoqchilarga Prezidentni hokimiyatga qaytarishda yordam so‘rab murojaat qilmoqda. Bu haqda “Associated Press” agentligi xabar berdi.
Nigerning AQSHdagi elchisi Mamadu Kiari Liman-Tinguirining aytishicha, Prezident Muhammad Bazumni ag‘dargan xunta uni o‘z oilasi bilan prezident qarorgohining yoritilmagan yerto‘lasida oziq-ovqat, elektr va gazdan uzib qo‘ygan holda saqlamoqda.
"Ular Bazumni o‘ldirishmoqda. Xunta rahbarining rejasi uni ochlikdan o‘ldirishdir", degan elchi.
Ta’kidlash joizki, Mamadu Kiari Liman-Tinguiri hibsga olingan rahbar bilan har kuni qo‘ng‘iroq qilib turadigan yaqin hamkori. Ular o‘ttiz yil davomida hamkasb (o‘qituvchi) bo‘lib kelgan.
"Bu g‘ayriinsoniy va dunyo bunga toqat qilmasligi kerak. 2023 yilda bunga toqat qilib bo‘lmaydi", deydi elchi.
Kecha, 12 avgust kuni Prezidentni asir olganlar shifokorga birinchi marta uning yoniga kirishga ruxsat bergan va u o‘zi bilan oziq-ovqat olib kelgan.
26 iyulda harbiy mashinalar prezident saroyi darvozalarini to‘sib qo‘ygan va xavfsizlik kuchlari hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qilgan paytdan beri Bazum jamoatchilikka ko‘rinish bermagan. Prezidentning holatini mustaqil ravishda aniqlash mumkin emas. Qo‘shma Shtatlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqalar Bazumning hibsdagi sharoitlari yomonlashayotganidan bir necha bor xavotir bildirgan va xuntani Bazum va uning oilasi farovonligi uchun javobgar, deb bilishini aytgan.
O‘z o‘rnida, Human Rights Watch tashkiloti 11 avgust kuni hibsga olingan prezident va uning atrofidagilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaplashgani va xuddi shunday yomon munosabatda bo‘lingani haqida ma’lumot olganini bildirgan.
Biroq Nigerning yangi harbiy hukmdorlarini qo‘llab-quvvatlovchi faollardan biri Insa Garba Saidou prezidentning og‘ir ahvoli haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini aytdi.
"Bazumning baxtiga uni hech qayoqqa olib ketishmadi. Uni telefoni bilan saroyida qoldirishgan. Buni qilganlar Bazumga zarar yetkazmoqchi emas”, deydi Saidou.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 avgustida AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga borib, mamlakat Prezidentini hokimiyatdan chetlatgan isyonchilar vakillari bilan uchrashgandi. Harbiylar unga na Prezident Muhammad Bazum bilan, na hozirda Nigerni boshqarayotgan “Vatanni qutqarish milliy kengashi” rahbari general Abdurahmon Chiani bilan uchrashishga ruxsat bergan.