Agar onam bo‘lmaganda O‘zbekistondan ancha avval ketgan bo‘lardim – Ozoda Nursaidova
Intervyu
−
30 mart 2021
41971Xonanda Ozoda Nursaidova O‘zbekistonning Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov davrida ko‘plab san’atkorlar qatorida “zapret”ga tushganlardan biri. Ta’bir joiz bo‘lsa, u eng ko‘p taqiqda bo‘lgan xonanda. Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik davriga kelib, Ozoda Nursaidovaga ham 14 yil avval qo‘yilgan kishanlar olib tashlandi.
Ozoda Nursaidova QALAMPIR.UZ’ning “Jim turing” loyihasiga bergan intervyusida “zapret”da bo‘lgan davrlarida uni O‘zbekistonda faqat onasi ushlab turganini alohida urg‘uladi.
“Agar onam bo‘lmaganda men O‘zbekistondan ancha avval ketgan bo‘lardim. Meni yashiradigan joyim yo‘q. 14 yilni o‘tkazish osonmas. 14 yil davomida o‘z kasbingizni qilmasligingiz juda og‘ir narsa”, deydi Ozoda Nursaidova.
Xonandaga 2019 yilning oktyabr oyida qo‘shiqlarini teleekranlar va radio orqali taqdim etish imkoniyati berildi. 2020 yilning aprel oyida u uzoq tanaffusdan keyingi ilk konsert dasturini e’lon qilgan edi. Biroq, koronavirus pandemiyasi sabab ko‘plar qatorida uning konserti ham bekor qilindi. O‘tgan yili qoldirilgan konsert esa joriy yilning 6-12 aprel kunlari “Xalqlar do‘stligi” saroyida bo‘lib o‘tadi.
Ozoda Nursaidova suhbatda davom etarkan, o‘tgan 14 yil o‘zi va oila a’zolariga qanday ta’sir qilgani haqida shunday deydi:
“Meni qo‘limdan san’atdan boshqa hech narsa kelmaydi. Bundan tashqari, atrofingizdagi odamlarning munosabati o‘sha og‘riqni yanada kuchaytiradi. O‘sha kezlarida agar onam bo‘lmaganlarida, men O‘zbekistondan ketardim. O‘shanda onam menga, men onamga dalda bo‘ldim. Mana shu 14 yil onamni qaritdi. Bu orada qand xastaligiga chalindilar, yuraklari og‘riydigan bo‘lib qoldi. Mendan ham ko‘p onam qaridilar”.
Xonanda Ozoda Nursaidova ishtirokidagi "Jim turing" loyihasini to‘liq yuqoridagi videopleyerda QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi