Agar Qirolicha Yelizaveta II vafot etsa... Qirolichaning dafn marosimi bo‘yicha protokol qanday?
Bu qiziq
−
19 noyabr 2020
39114Kuni kecha Fransiyaning “Radio France Internationale” radiosida Buyuk Britaniya Qirolichasi, dunyodagi eng keksa va uzoq vaqt hukmron bo‘lib qolayotgan qirolicha Yelizaveta II ni marhum shaxslar ro‘yxatiga kiritib qo‘ydi. Ushbu tasodifiy xabar yana qirolicha Yelizaveta II vafot etsa, uning ta’ziya marosimini o‘tkazish bilan bog‘liq rasmiy protokolni kun tartibiga chiqardi. Xo‘sh, Yelizaveta II o‘lsa, nima bo‘ladi?
Ajablanarlisi shundaki, har qanday vaziyatda xushmuomala hamda vazmin ko‘ringan inglizlar Yelizaveta II ning vafotidan keyin qanday yashashlarini uzoq va jiddiy muhokama qilishgan.
2016 yil oktyabr oyining o‘rtalarida Tailand imperatori vafot etdi va yer yuzidagi eng keksa hukmdor monarx unvoni o‘sha paytdagi 90 yoshli Yelizaveta II ga nasib etdi. 1926 yilda tug‘ilgan baquvvat ayol 1952 yildan buyon 68 yil davomida mamlakatni boshqarib kelmoqda va u Britaniya tarixidagi eng uzoq muddat boshqargan monarxdir. Unga bo‘ysunuvchilarning aksariyati Yelizaveta II davrida dunyoga kelgan va olamni usiz tasavvur qila olmaydi. Xo‘sh, u vafot etsa, nimalar bo‘lishi mumkin?
Katta moliyaviy zararlar
Yelizaveta II ning vafoti Buyuk Britaniya iqtisodiyotiga katta zarar keltiradi. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 1,5 dan 6 milliard funt sterlinggacha tushib ketishiga olib keladi. Ushbu moliyaviy yo‘qotishlar o‘z ichiga janoza marosimi xarajatlarini olmaydi. Bunday yo‘qotish, avvalo, qirolicha vafot etgan daqiqalardan to 12 kun davom etadigan motam, mamlakatda ishbilarmonlik va ijtimoiy hayot muzlashi bilan bog‘liq.
Qirolicha o‘lsa, qimmatli qog‘ozlar bozorlari va banklar noma’lum muddatga yopiladi. Televizion kanallar barcha ko‘ngilochar ko‘rsatuvlari va seriallar namoyishini bekor qilishga majbur bo‘ladi. Xuddi shu taqiqlar mamlakat bo‘ylab teatr va konsert tomoshalariga ham taalluqli. Ko‘ngilochar mahsulotlar va xizmatlar sohasi aql bovar qilmas yo‘qotishlarga duch keladi. Dafn marosimi kuni rasmiy ravishda dam olish kuni deb e’lon qilinadi va xalqning onlayn tarzda qirolicha bilan vidolashishiga imkon beriladi.
“Qirol o‘ldi, yashasin Qirol”
Qadimgi an’ana bor, unga ko‘ra qirollik hokimiyati hech qachon to‘xtamaydi va bitta monarx vafot etishi bilanoq uning o‘rnini zudlik bilan vorisi egallaydi. Shu sababli, motam paytida qirollik belgisi – bayroq hech qachon boshqa bayroqlar singari tushirilmaydi. Ushbu vorislik qoidasi buzilgan kamdan-kam holatlar tarixda "notinch vaqt" deb nomlangan. Shunday qilib, Qirolichaning vafoti e’lon qilingan paytda Buyuk Britaniyada allaqachon yangi monarx paydo bo‘ladi. Taxt 100% valiahd shahzoda Charlzga o‘tadi. Chunki taxtga boshqa voris yo‘q.
Qirol nomining siri
Keyingi Qirolning ismi Karl (Charlz) deb o‘ylash xato. Hozirgi valiahd shahzoda Qirol bo‘lgach, uning to‘rt ismidan qay birini Qirolga nisbatan qo‘llash hali ma’lum emas. Tanlov bor: Karl III, Filipp II, Georg VII va Artur I. Ism o‘zgarishi ehtimoli qancha? Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bu juda muhimdir. Yangi Qirolning ismi onasi vafot etganligi to‘g‘risida rasmiy xabar bilan birga e’lon qilinadi. Ammo Qirolga toj kiydirish marosimi 5-6 oydan keyin bo‘lib o‘tadi. Bu vafot etgan monarx uchun "motam" an’analaridan biri sanaladi.
Keyt Uels malikasi unvonini ololmasligi mumkin
Taxtga eng yaqin da’vogar avtomatik ravishda "Uels shahzodasi" unvonini oladi. Uning rafiqasi Uels malikasiga aylanadi. Otasi taxtga o‘tirganda Uilyam haqiqatan ham Uels shahzodasiga aylanadi, ammo Uilyamning onasi – 1997 yilda fojiali ravishda vafot etgan malika Diana ekanligini hisobga olib, rafiqasi Keytga Uels malikasi unvonidan voz kechishni tavsiya qillishgan. Bu shunchaki taxmin, albatta. Keyt Uels malikasi bo‘ladimi yoki yo‘q – buni vaqt ko‘rsatadi.
Darvoqe, Charlzning rafiqasi Kamilla Parker-Boulz Uels malikasi unvonini olmaslikka qaror qilgan. Boisi "Uels malikasi" unvoni marhum Diana bilan juda qattiq bog‘langan bo‘lib, Kamilla Parker-Boulz bu nomga da’vo qila olmaydi.
Qirolicha vafot etganini e’lon qilish uchun maxfiy kod ishlatiladi
Qirolichaning o‘limi – nazorat ostida ushlab turilishi, keyingi barcha qadamlar aniq va tez bajarilishi kerak bo‘lgan hodisa. Qirolichaning o‘limi haqidagi xabar birinchi bo‘lib Bosh vazirga yetkaziladi. Keyin boshqa rahbarlar bundan xabar topadi. Harakat rejasi va xabar berishning maxfiy kodi allaqachon ishlab chiqilgan. U "London ko‘prigi qulab tushdi" qabilida ham bo‘lishi mumkin. Biroq, matbuotga endi bu kodlar u qadar sirli emas. Chunki bu haqda yozmagan OAV deyarli qolmagan.
Buyuk Britaniya davlat madhiyasining so‘zlarini o‘zgartirish kerak
O‘zgartirishlar davlat madhiyasidan boshlanadi. Unda "Xudo Qirolichani asrasin" degan so‘zlarni "Xudo Qirolni asrasin" bilan almashtirish kerak bo‘ladi. Shubhasiz, ushbu madhiyani butun umri davomida kuylaganlarni yangisiga o‘rgatish oson bo‘lmaydi. Shuningdek, yangi tangalar va banknotalar muomalaga chiqariladi, ular uchun Britaniya zarbxonasi Charlz portreti tushirilgan mos blankalarni tayyorlab qo‘ygan. Britaniyalik politsiya xodimlarining dubulg‘asida yangi yozuv paydo bo‘ladi, chunki ularda Qirolicha Yelizaveta II ismining bosh harflari yozilgan. Shuningdek, harbiy nishonlarni yangilash talab etiladi. Qirolichaning surati tushirilgan pochta markalari bosqichma-bosqich bekor qilinadi.
Parlament a’zolarining qasamyodi
Bugungi kungacha saqlanib qolgan qoidalarga ko‘ra, hatto vafot etgan Qirolichani dafn etishdan oldin ham turli kuch tuzilmalari yangi Qirolga sodiqlik qasamyodini qilishlari shart. Qasamyodni eng avvalo parlamentning ikki palatasi a’zolari boshlab beradi.
Barcha parlament a’zolari Qirolga qasamyod qilishlari kerak, buning uchun ularga bir necha kun vaqt beriladi. Qasamyod qilmay turib biron bir deputat maosh olmaydi, yig‘ilishlarda qatnashish yoki ovoz berish huquqidan mahrum etiladi.
Millatlar Hamdo‘stligidagi muammolar ehtimoli
Qirolichaning o‘limi yangi pochta markalaridan ko‘ra chuqurroq oqibatlarga olib keladi. Hozirda Britaniya monarxi Yelizaveta II nafaqat Buyuk Britaniyaning, balki 52 mamlakatni o‘z ichiga olgan Millatlar hamdo‘stligi, jumladan Avstraliya, Kanada, Yamayka, Yangi Zelandiya va Barbadosning ham rasmiy rahbari hisoblanadi.
Hamdo‘stlik zamonaviy dunyoda Buyuk Britaniyaning sobiq mustamlakalari o‘rtasidagi savdo-siyosiy munosabatlar shaklida saqlanib qolgan Britaniya imperiyasining qoldiqlarini anglatadi. Ushbu mamlakatlarning aksariyati o‘zlarining xohish-irodalariga qarshi Britaniya imperiyasining tarkibiga kirdilar va ularning deyarli barchasi ancha avval mustaqilligini e’lon qilgan.
Hamdo‘stlikning har bir mamlakati undan bir tomonlama qaror bilan ixtiyoriy ravishda chiqib ketish huquqiga ega. Qirolichaning vafoti ba’zi Hamdo‘stlik davlatlarining Buyuk Britaniya bilan ittifoqini bir umrga tugatishiga sabab bo‘lishi mumkin. Britaniyaning yangi Qiroli, albatta, voqealarning bunday o‘zgarishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi. Bu Qirol Charlz uchun chinakam jiddiy sinov bo‘lishi turgan gap
Qirolichaning qayerda vafot etishidan qat’i nazar uning jasadi avvalo Bukingem saroyiga olib boriladi. Agar u xorijiy mamlakatdagi safari davomida vafot etsa, jasad zudlik bilan samolyotda Londonga olib kelinadi. Qirolichaning jasadi tobutda Bukingem saroyida bir necha kun vidolashishga qo‘yiladi. Odamlar qirolicha Yelizaveta II bilan xayrlashish va o‘zlarining ehtiromlarini bildirish uchun kelishlari mumkin.
Inglizlar har qachon referendum bilan monarxiyani tugatishi mumkin
Inglizlar Qirolichani juda yaxshi ko‘rishadi. Uning aholi orasida reytingi har doim yuqori bo‘lgan va bu mavqe shu kungacha saqlanib kelmoqda. Bunday obro‘ga erishish qiyin emas, chunki Buyuk Britaniyadagi monarx haqiqiy kuchga ega emas va mamlakatni boshqarmaydi. Odamlar, agar xohlasalar, monarxiyadan referendum orqali voz kechishlari mumkin edi. Ya’ni inglizlar Yevropa Ittifoqini tark etgani singari, monarxiyani bekor qilishlari mumkin edi. Biroq, ular Qirolichani mamlakatning alohida ajratib turuvchi belgisi deb bilishadi.
Qirolichaning shifokori va uning vazifalari
Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Qirolicha Yelizaveta II uzoq davom etmaydigan kasallik sabab oilasi davrasida vafot etishi ehtimoli katta. Monarx hayotining so‘nggi soatlarida Qirolicha shifokori, tibbiyot professori Xyu Tomas asosiy shaxsga aylanadi. Qirolichaning xonalariga kimni kiritish va uning salomatligi haqida sub’ektlar nimani bilishi kerakligini u belgilaydi.
Bukingem saroyi darvozasidagi e’lon
Qirolicha bu dunyoni tark etganda va odamlarga bu qayg‘uli voqea haqida xabar berish vaqti kelganida, ma’yus ko‘rinishdagi kishi Bukingem saroyining eshiklaridan chiqib, hovlidan o‘tib ketadi va miq etmay, darvoza oldidagi motam ramkasiga e’lonni osib qo‘yadi. Bu qadimiy va o‘ziga xos an’ana.
RATS tizimini faollashtirish
Qirolicha vafot etgan taqdirda, BBC RATS (Radio Alert Transmission System)ni faollashtiradi va ommani xabardor qiladi. Bu oliy darajadagi shaxslarning o‘limi haqida xabar berish uchun ishlatiladigan maxfiy protokol. U 30-yillarda ishlatila boshlangan va bugungi kunda ham qo‘llaniladi. U haqida kamchilik biladi.
Ikki million atirgul
Yelizaveta II ning dafn marosimi uchun qirol gulzorlari va bog‘dorchilik fermalaridan ikki million guldasta buyurtma qilinadi. Bu rasmiy ma’lumot.
Dafn marosimigacha, ayniqsa, dafn etiladigan kun mamlakatning barcha qurolli kuchlari va xavfsizlik xizmatlari to‘liq jangovar shay holatda bo‘ladilar. Ta’kidlanishicha, Qirolichaning dafn marosimi nafaqat afsonaviy monarx uchun motam tutmoqchi bo‘lgan millionlab odamlarni, balki yuzlab g‘arazli kimsalarni ham jalb qiladi. Eng ahamiyatlisi shuki, bu efirda mafkuraviy terroristik harakatlarni o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘lishi mumkin. Albatta, bunday kuchaytirilgan chora-tadbirlar davlat xazinasidan katta mablag‘ sarflanishiga olib keladi.
LiveBarchasi