Britaniya qirollik oilasi bilan kurashgan misrlik milliarder vafot etdi
Olam
−
02 Sentabr 2023
11744Milliarder Muhammad Al Fayed 94 yoshida vafot etdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
“Muhammad Al-Fayed 30 avgust kuni keksalik chog‘ida tinchgina vafot etdi. U o‘z yaqinlari qurshovida nafaqada uzoq va maroqli hayot kechirdi”, deyiladi marhum oilasining bayonotida.
U asli misrlik edi, lekin 60 yildan ortiq Buyuk Britaniyada yashagan. Angliyaning “Fulxem” futbol klubi va Harrods univermagining sobiq egasi bo‘lgan milliarderning katta o‘g‘li Dodi malika Diana bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan va 1997 yilda u bilan birga avtohalokatga uchrab, halok bo‘lgan.
Muhammad Al-Fayed o‘g‘li Dodi va malika Diana qirolicha Yelizaveta II ning eri shahzoda Filipp tomonidan uyushtirilgan fitnada o‘ldirilganiga amin edi. Biroq britaniyalik tergovchilar juftlik haydovchi va mashinani ta’qib qilgan paparatsilarning ehtiyotsiz harakatlari tufayli halok bo‘lgan, degan xulosaga keldi. Fransiyada o‘tkazilgan alohida tekshiruvlarda ham hech qanday fitna yo‘q degan qarorga kelingan.
Shunga qaramasdan, Muhammad Al-Fayed qirollik oilasi Diananing misrlik bilan uchrashishini yoqtirmagani uchun baxtsiz hodisani uyushtirganini aytgan. Al-Fayed Diana homilador bo‘lib, Dodiga turmushga chiqishni rejalashtirayotganini va qirollik oilasi malikaning musulmon bilan oila qurishiga qarshi ekanini ta’kidlab kelgan.
2008 yilda Al-Fayed fitna uyushtirganlar ro‘yxatiga Filipp, Londonning ikki sobiq politsiyasi boshlig‘i va Markaziy razvedka boshqarmasi boshliqlari kirishini aytgan.
Ma’lumot uchun, Muhammad Al-Fayed 1929 yil 27 yanvarda Misrning Iskandariya shahrida maktab inspektori oilasida tug‘ilgan. Italiya va Yaqin Sharqda logistika sohasiga sarmoyalar kiritgandan so‘ng, u 1960-yillarda Britaniyaga ko‘chib o‘tgan va o‘z imperiyasini qurishni boshlagan. Boyligi cho‘qqisida Al Fayed Parijdagi Ritz mehmonxonasi va Londondagi "Fulxem" futbol jamoasi hamda "Harrods" hashamatli do‘konlari tarmog‘iga egalik qilgan.
Britaniyaning eng badavlat kishilari ro‘yxatini e’lon qilib boruvchi “Sunday Times Rich List” nashri bu yil oilaning boyligini 1,7 milliard funt sterling (1,9 milliard yevro)ga baholab, Al Fayedni 104-o‘rinda qayd etgan.
LiveBarchasi