Agar har bir oila o‘zini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan bo‘laman – Mirziyoyev
Jamiyat
−
17 fevral 2023
8457Bugun, 17 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro tumanidagi “Rabotiqalmoq” mahallasiga bordi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu mahallada 9 mingdan ziyod aholi yashaydi. Mahallada ilgari foydalanilmay turgan maydonda tikuvchilik korxonasi barpo etilib, 30 dan ortiq xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Yaqinda ish boshlaganiga qaramay, korxona 100 mingta trikotaj mahsulotlari uchun buyurtma olgan.
Davlat rahbari mazkur korxona faoliyati bilan tanishib, ishchilar bilan suhbatlashdi.
“Mahalladagi o‘zgarishlarni, sizning ishli bo‘lganingizni ko‘rib, xursand bo‘ldim. Bular – xalq ichiga kirib, xalq bilan birga qilayotgan sa’y-harakatlarimizning kichik bir natijasi. Agar hokimlik va tashkilotlar sharoit yaratib berolsa, har bir oila o‘zini eplab ketolsa, maqsadimga erishgan bo‘laman. Shunda katta oilamiz – davlatimiz ham mustahkam bo‘ladi”, deydi Prezident.
Shu yerda viloyatdagi tadbirkor ayollarning hunarmandchilik mahsulotlaridan namunalar namoyish etildi.
Ma’lum qilinishicha, “Rabotiqalmoq” mahallasida yana 10 dan ortiq savdo va servis shoxobchalari, tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish markazi ham bor. Aholining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishi uchun “Otaxonlar choyxonasi”, kutubxona, sport maydonchasi, hammom va xiyobonlar tashkil etilgan.
Shavkat Mirziyoyev bu yerdagi sharoitlarni ko‘zdan kechirib, shu yerlik Baxtiyor Po‘latov xonadonida mehmon bo‘ldi.