Afrika kubogining daromadi 90 foizga oshdi
Sport
−
11:18 509 1 daqiqa
Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) Marokashda bo‘lib o‘tayotgan Afrika kubogidan tushgan tijorat daromadi 90 foizga oshganini ma’lum qildi. Bu haqda “Sport news Africa” nashri xabar berdi.
Tashkilot bu natijani “Afrika futboli tarixidagi eng muvaffaqiyatli tijorat yutug‘i”, deya baholadi. Biroq, aniq moliyaviy raqamlar keltirilmadi.
CAF bayonotiga ko‘ra, daromadning keskin o‘sishi tijorat hamkorlari sonining ko‘payishi, media huquqlarni tarqatish ko‘lamining kengayishi hamda yangi bozorlarga, xususan, Osiyo mintaqasiga kirib borish bilan bog‘liq.
Shuningdek, homiylar portfeli barqaror ravishda kengayib bormoqda. Jumladan, 2021 yilgi turnirda 9 ta bo‘lgan tijorat hamkorlari soni 2023 yilda Kot-d’Ivuarda o‘tkazilgan musobaqa finaliga kelib 17 taga yetgan. CAF ma’lumotiga ko‘ra, Marokashda bo‘lib o‘tadigan 2025 yilgi Afrika kubogi uchun ham homiylarni jalb qilish ishlari davom ettirilgan va hozirda musobaqa 23 ta homiyga ega.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili CAF kongressida e’lon qilingan moliyaviy hisobotlarda so‘nggi Afrika kubogi uchun 96 million dollar sof shartnoma daromadi qayd etilgan. Shuningdek, CAF o‘tgan yilgi yillik hisobotida Marokashdagi turnir 114 million AQSH dollari sof foyda keltirishi prognoz qilinganini ma’lum qilgan edi.
Live
Barchasi