Afrika ham Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi
Sport
−
12:15 247 2 daqiqa
Afrika futbol konfederatsiyasi (CAF) tanqidlar markazida qolgan FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Infantino joriy yilning 5 avgust kuni Marokash poytaxti Rabot shahrida FIFA’ning yuqori rahbariyati ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Uchrashuvda FIFA rahbariyati yangi tijorat loyihasi doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun uzr so‘ragan prezidentni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
“CAF FIFA prezidenti Janni Infantino va bosh kotib Mattias Grafstryomning qo‘shma bayonotini olqishlaydi va to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. CAF Afrika futbolini rivojlantirishga e’tibor qaratishda davom etadi hamda amaldagi boshqaruv va shaffoflik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi”, dedi CAF prezidenti Patris Motsepe.
Bayonotda qayd etilishicha, CAF Ijroiya qo‘mitasi ham Infantinoni bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan va uning Afrika futbolini rivojlantirishga qo‘shgan ko‘p yillik hissasi uchun minnatdorlik bildirgan.
“Shuningdek, prezident Janni Infantino, FIFA bosh kotibi Mattias Grafstryom va FIFA ma’muriyatiga 2026 yilgi Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etgani uchun ham minnatdorlik izhor etildi”, deyiladi CAF bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida FIFA yangi tashkil etilayotgan tuzilmaning taxminan 20 foiz aksiyalarini xususiy investorlarga sotish orqali 4,2 milliard dollar jalb qilish niyatini ma’lum qilgan edi. Ushbu tashkilot FIFA’ning media va tijorat huquqlarini, jumladan, Jahon chempionatiga oid huquqlarni boshqarishi rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng, UEFA taklif to‘liq bekor qilinmaguncha barcha a’zo assotsiatsiyalar FIFA musobaqalarini boykot qilishini e’lon qildi. Keyinchalik Janni Infantino bahslarga sabab bo‘lgan ayrim tijorat huquqlarini sotish rejasidan voz kechilganini ma’lum qildi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust