Afg‘onistonning sobiq prezidenti: xalqaro kuchlar bizni juda og‘ir vaziyatda tark etmoqda
Olam
−
22 iyun 2021
15017Afg‘onistonning sobiq Prezidenti Hamid Karzay 21 iyun kuni "Assoshieytid Press" nashriga bergan intervyusida AQSH va NATOni ekstremizm yuqori cho‘qqiga chiqqan bir paytda mamlakatni tashlab ketayotganlikda aybladi.
“Xalqaro hamjamiyat bu yerga 20 yil oldin ekstremizmga qarshi kurashish va barqarorlikni ta’minlashni maqsad qilib kelgandi. Buni qarangki, bugunga kelib, ekstremizm eng yuqori nuqtaga chiqdi. Lekin ular bunga e’tibor bermasdan mamlakatni tark etyapti. Demak, ular muvaffaqiyatsizlikka uchradiʼʼ, deydi u.
AQSH bilan ziddiyatli munosabatda bo‘lgan Hamid Karzay 13 yillik hukmronligi davrida xalqaro qo‘shinlarning chiqib ketishini xohlagan. Ammo bu safargi intervyusida u umuman boshqa narsani gapirdi.
"Biz afg‘onistonliklar sifatida barcha muvaffaqiyatsizliklarimizni tan olamiz, ammo aynan shu muvaffaqiyatsizliklarning oldini olish uchun kelgan katta kuchlar haqida nima deyish mumkin? Hozir ular bizni juda og‘ir vaziyatda tark etyapti. Bu sharmandalikning bir ko‘rinishidir".
Hamid Karzay davrida Afg‘onistonda ayollarga imkoniyat eshiklari ochilib, qizlar maktabga bora boshlagan, poytaxt Kobulda yangi ko‘p qavatli uylar ko‘tarilib, yo‘llar va infratuzilmalar bunyod qilingandi. Shunga qaramasdan uning hukmronlik davri keng tarqalgan korrupsiya, gullab-yashnagan giyohvand moddalar savdosi bilan ajralib turadi.
Ma’lumot o‘rnida, 2020 yil fevral oyi oxirida AQSH va “Tolibon” tinchlik shartnomasini imzoladi. Kelishuvga ko‘ra, Amerika qo‘shinlari shartnoma tuzilganidan 14 oy o‘tgach, aniqrog‘i 2021 yilning mayigacha Afg‘onistonni tark etishi kerak edi. Biroq bu jarayonning “start” olishi biroz kechikdi.
Joriy yilning 14 aprel kuni Prezident Jo Bayden AQSHning Afg‘onistondagi missiyasi yakunlanganini va 1 maydan boshlab ushbu mamlakatdan qo‘shinlarni olib chiqishni boshlashini e’lon qildi. Unga ko‘ra, harbiylarni ortga qaytarish 11 sentyabrgacha yakunlanishi kerak.
Qayd etish kerakki, AQSH o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishni boshlagandan beri "Tolibon" keskin harakat qilmoqda. Xususan, 1 maydan boshlab 50 dan ortiq tumanlar egallab olindi. 21 iyun kuni esa Afg‘onistonning Qunduz viloyatidagi Imom Sohib tumanini o‘z nazoratiga oldi. So‘nggi 2-3 kun ichida hukumat kuchlari 15 tumanni tark etishga majbur bo‘ldi.
Shuningdek, Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyatining 8 ta tumani ham allaqachon “Tolibon” tomonidan egallangan. Faryobda esa viloyat markazi Maymana uchun janglar boshlangan.
Avvalroq, Afg‘onistondagi o‘zbek va turkman diasporasi rahbari Marshal Abdul Rashid Do‘stum toliblarga qarshi jangda yaralangani va mamlakatni tark etgani haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Biroq hozirgacha bu o‘z tasdig‘ini topmagan.
Eslatib o‘tamiz, bugun 22 iyun kuni Afg‘oniston Islom Respublikasida koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganligini inobatga olib, o‘zbek-afg‘on Davlat chegarasi orqali fuqarolarning harakatlanishi vaqtincha to‘xtatildi.
Yulduz Abdurashidova
LiveBarchasi