Afg‘onistonni yolg‘iz qoldirish – bu katta xato – Mirziyoyev

Jamiyat

image

Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi. 

Uning qayd etishicha, xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liqdir. Ushbu mamlakatda yangi vaziyat vujudga kelgan bo‘lib, u afg‘on masalasini hal etishda o‘ziga xos yondashuvlarni talab etmoqda.

“Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yana yolg‘iz qoldirish – bu katta xato bo‘ladi. Inkor qilish, yakkalab qo‘yish va sanksiyalar qo‘llash oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda”, deydi Prezident.

Mirziyoyevning hisoblashicha, afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik lozim. 

“Afg‘onistonning muzlatilgan xalqaro aktivlarini bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun maqbul mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz. Bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq Afg‘oniston kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

U dunyo hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etish yo‘lida birlashishga chaqirdi.

“Bu borada Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahnamoligida Afg‘oniston bo‘yicha birgalikda ishlab chiqilgan, vaziyatga moslashuvchan va konstruktiv pozitsiyani belgilash prinsipial jihatdan muhim, deb hisoblayman”, deydi O‘zbekiston rahbari.

Ma’lumot uchun, Afg‘onistonning butun hududi ustidan nazorat o‘rnatgan “Tolibon” ayollar va qizlarga turli cheklovlar qo‘ya boshladi va buni davlatda “tegishli islomiy muhit” yaratish zarurati bilan izohladi. 2022 yil dekabr oyida afg‘on universitetlarida qizlar uchun darslar to‘xtatib qo‘yildi, keyinroq universitetlarda ayollarning, jumladan professor-o‘qituvchilarning bo‘lishi taqiqlandi, shuningdek, ayollarni milliy va xalqaro nodavlat tashkilotlarda ishlashdan chetlashtirish buyurildi. Ushbu qarorlar bir qator xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan tanqid to‘lqiniga sabab bo‘ldi.

Afg‘onistondagi inqiroz

2021 yil avgust oyida Afg‘onistonda boshqaruv “Tolibon” tomonidan egallab olinishi ortidan, xalqaro tashkilotlar va moliya jamg‘armalari Afg‘onistonga tegishli bo‘lgan 10 millard AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larni muzlatib qo‘ygan. Ushbu mablag‘larning 7 millard dollar atrofidagi qismi AQSHda saqlanayotgan edi.

Hokimiyat tepasiga kelgan “Tolibon” AQSH va xalqaro tashkilotlardan Afg‘onistonning muzlatilgan pullarini afg‘on xalqiga qaytarishni talab qilib kelyapti. “Tolibon” pullarni qaytarish va afg‘on xalqiga ko‘rsatib kelingan gumanitar yordamlarni yana qayta yo‘lga qo‘yish borasida BMT va AQSH hukumati bilan bir necha bor muzokaralar olib borgan. 

2001 yilning 11 sentyabr kuni AQSHda bir qator terrorchilik harakatlari amalga oshirilgan. Buning ortida esa “Al-Qoida” turgan edi. O‘sha paytda Afg‘onistonni boshqarayotgan “Tolibon” “Al-Qoida”ning rahbari Usama ben Lodenga mamlakatda boshpana bergan va uni G‘arb kuchlariga topshirishdan bosh tortgandi. Bunga AQSH boshchiligidagi NATO kuchlari 20 yillik Afg‘onistondagi urush bilan javob qaytardi: 2001 yilda “Tolibon”ni hokimiyatdan ag‘dardi, 2011 yilda Usama ben Lodenni yo‘q qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made