Afg‘onistonga millionlab qochqinlar yopirilib kirmoqda
Olam
−
05:47 531 3 daqiqa
So‘nggi uch yil ichida Afg‘onistonga 6 milliondan ortiq qochqin va migrant qaytib keldi. Ularning ommaviy ravishda qaytishi shusiz ham uy-joy, infratuzilma va asosiy xizmatlar tanqisligi sezilayotgan mamlakat shaharlari hamda aholi punktlariga jiddiy yuk bo‘lmoqda. Bu haqda “Khaama Press” xabar berdi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, qaytganlarning eng katta qismi Hirot, Farah, Qunduz, Qandahor va Bamiyon viloyatlarida to‘plangan. Mahalliy infratuzilma o‘z imkoniyatlari chegarasida ishlamoqda, ko‘plab aholisi esa suv, tibbiy yordam va boshqa zarur xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan hududlarga joylashishga majbur bo‘lmoqda.
BMT o‘zining iyul oyidagi “Durable Solutions Programming in Afghanistan” hisobotida qaytgan fuqarolarni uy-joy va ish o‘rinlari bilan ta’minlash asosiy vazifalardan biri bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, tashkilot muvaffaqiyatli reintegratsiya uchun qochqinlar uchun alohida ajratilgan aholi punktlarini qurish emas, balki mavjud aholi punktlarini rivojlantirish zarur deb hisoblaydi.
Ushbu sohadagi asosiy loyihalardan biri Hirot va Farah viloyatlarida Xalqaro migratsiya tashkiloti, BMT taraqqiyot dasturi hamda BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan WAHDAT loyihasi bo‘lgan.
Dastur 2027 yilning dekabrigacha mo‘ljallangan bo‘lib, taxminan 650 ming kishini kamrab olishi kerak. Uning doirasida eng ehtiyojmand oilalar uchun 880 ta uyni ta’mirlash, shuningdek, hududlar infratuzilmasini yaxshilash – yo‘llar, drenaj tizimlari va suv ta’minoti ob’ektlarini qurish hamda qayta tiklash rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar taxminan 490 ming kishining yashash sharoitlarini yaxshilash imkonini berishi kutilmoqda.
Yana bir loyiha – PAIDAAR Qunduz va Bag‘lon viloyatlarida amalga oshirilmoqda. U 800 ta oila uchun uy-joylarni ta’mirlash, mahalliy qo‘mitalar tuzish va aholini iqlimga chidamli qurilish usullariga o‘rgatishni nazarda tutadi.
Dasturlarda ayollarga alohida e’tibor qaratilgan. Ular uchun qo‘llab-quvvatlash choralari, jumladan, iqtisodiy tashabbuslarni rivojlantirish, xavfsiz maydonlarni yaratish hamda uy xo‘jaligi va hunarmandchilik faoliyatini yuritish imkoniyatlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Tashkilotning qayd etishicha, muammoni hal qilish uchun faqat insonparvarlik yordamining o‘zi yetarli emas. Qaytgan millionlab afg‘onlarni barqaror reintegratsiya qilish uchun uy-joy, shahar infratuzilmasi, ish o‘rinlarini yaratish va mahalliy hokimiyat organlari imkoniyatlarini mustahkamlashga uzoq muddatli investitsiyalar zarur.
Shu bilan birga, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat dunyodagi eng murakkablaridan biri bo‘lib qolmoqda. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 23 millionga yaqin kishi – mamlakat aholisining deyarli yarmi insonparvarlik yordamiga muhtoj. Qochqinlarning davom etayotgan qaytishi fonida xalqaro tashkilotlar Afg‘onistonni va ularni qabul qilayotgan jamoalarni qo‘llab-quvvatlashni oshirishga chaqirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati ISHID-X (ISHIDning Xuroson bo‘linmasi)ga qarshi operatsiyalar o‘tkazishi va boshqa jangari guruhlarni jilovlashga urinishiga qaramay, Afg‘onistondagi terrorchilik tahdidini bartaraf eta olmagani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiTibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi
28 avgust
Maktablarda qamrov 78 foizga oshirildi
28 avgust