Afg‘onistonga Eron va Pokiston valyutalarini olib kirish taqiqlandi

Olam

image

Afg‘oniston Markaziy banki Eron va Pokiston valyutalarining mamlakat hududiga olib kirilishi taqiqlanganini e’lon qildi. Bu haqda “Tolo news” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Markaziy bank ushbu chora milliy valyuta – afg‘oniyning qadrini saqlab qolishga qaratilganini bildirgan va tadbirkorlar, pul ayirboshlash shoxobchalari, transport kompaniyalari hamda sayyohlarni ushbu valyutalarni mamlakatga olib kirishdan tiyilishga chaqirgan.

Bank afg‘oniyning mintaqadagi ko‘plab valyutalarga nisbatan nisbiy barqarorlikni saqlab qolayotganini alohida qayd etib, milliy valyutani himoya qilish mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini qo‘shimcha qilgan.

“Ushbu chora afg‘oniydan foydalanishni ommalashtirish hamda mintaqa davlatlari va undan tashqaridagi mamlakatlar bilan savdo-sotiq amaliyotlarida xorijiy valyutalar ishlatilishining oldini olish maqsadida ko‘rildi”, deydi Markaziy bank matbuot kotibi Hasibulla Nuri.

Ilgari Eron tumani va Pokiston rupiyasi Afg‘onistonning Pokiston va Eron bilan chegaradosh ayrim hududlarida, ayniqsa, ushbu ikki davlat bilan bo‘ladigan savdo munosabatlarida keng qo‘llanilar edi.

Ayrim iqtisodchi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, agar ushbu siyosat samarali amalga oshirilsa, u afg‘oniyning mavqeini mustahkamlashi, valyuta bozoridagi tebranishlarni kamaytirishi va aholining milliy valyutaga bo‘lgan ishonchini oshirishi mumkin.

“Afg‘oniy mintaqada kuchli qiymatga ega. Ochig‘ini aytganda, qo‘shni davlatlarning valyutalari afg‘oniyga nisbatan kuchsiz valyutalar hisoblanadi”, deydi Iqtisodchi tahlilchi Sayid Mas’ud.

So‘nggi oylarda afg‘oniyning nisbatan barqaror saqlanib turgani rasmiylar tomonidan mamlakatning asosiy iqtisodiy yutuqlaridan biri sifatida baholanmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing