Afg‘onistonga bir qator mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilmoqda (ro‘yxat)
Jamiyat
−
19 noyabr 2020
9640O‘zbekistondan Afg‘onistonga marmar va tosh, tamaki mahsulotlari, xalq iste’mol tovarlari eksporti hajmi oshiraladi va bir qator mahsulotlar, xo‘jalik mollari eksportiga yo‘l ochiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilning 12 noyabr kuni imzolangan “Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda so‘z boradi.
Qarorda ta’kidlanishicha, 2023 yilgacha Afg‘oniston bilan savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun bir necha turdagi mahsulotlarning eksport hajmi oshiriladi va yangi mahsulotlar eksportiga yo‘l ochiladi.
Xususan, 2020-2021 yillarda marmar va tosh mahsulotlari eksporti hajmi oshiriladi. Afg‘oniston davlati bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, tabiiy pardozbop toshlar xomashyosi importini yo‘lga qo‘yish hamda ularni qayta ishlagan holda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega pardozbop toshlar ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Qarorda belgilanishicha, marmar va tosh eksporti hajimini yiliga 2,1 million AQSH dollariga yetkaziladi.
Shuningdek, 2021 yildan boshlab xalq iste’mol tovarlari eksporti hajmi oshiriladi va yangi turlari eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Xalq iste’mol tovarlari (termos idishlar, sharnirlar, osma qulflar, mebel furniturasi, tish tozalash vositalari, qalam va ruchka, plastmassadan tayyorlangan oshxona idishlari) ishlab chiqarish tashkil etiladi.
Xalq iste’mol tovarlarini eksport hajmini yiliga 32,9 million AQSH dollariga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
2021 yildan boshlab tamaki mahsulotlari eksporti hajmi ham oshiriladi. “Toshkent tobakko” bosh ofislari (“Japan Tobacco” va “Philip Morris”) bilan Afg‘onistonga eksport qilish bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi.
Tamaki mahsulotlarining yillik eksporti hajmi 5,2 million AQSH dollariga yetkaziladi.
Joriy yilning dekabr oyidan gigiyenik vositalar eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Navoiy va Buxoro viloyatlarida bolalar tagliklari ishlab chiqarish quvvatlari 100 foizga yetkaziladi.
Gigiyenik vositalarning eskport hajmi yillik 17,4 million AQSH dollariga yetkaziladi.
Mebel mahsulotlarini eksport qilish yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yilning noyabr oyida Surxondaryo viloyatida mebelsozlik yo‘nalishida amalga oshirilishi belgilangan loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.
Loyihalarning quvvatlari hamda eksport imkoniyatlarini tahlil qilgan holda loyihalarni muddatida ishga tushirish choralari ko‘riladi.
Mahsulotlarning xalqaro standartlar asosida ishlab chiqarilishiga hamda sifat ko‘rsatkichlariga rioya qilinadi.
2021 yildan boshlab mebel mahsulotlarining yillik eksport hajmi 1,1 million AQSH dollariga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Qaror bilan 2021 yildan boshlab Afg‘onistonga bolalar kiyimlari eksporti yo‘lga qo‘yiladi. Surxondaryo viloyatidagi ip kalava (6 ta korxona – 40,5 ming tonna) va tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar (2 ta korxona – 3,8 million dona) hamda respublikaning boshqa hududlaridagi to‘qimachilik matolari ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hisobiga bolalar kiyimlari yillik eksportini 4,8 million AQSH dollariga yetkazish rejalashtirilmoqda.
Afg‘onistondan meva-sabzavot va yong‘oq kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va uchinchi davlatlarga reeksport qilish maqsadida olib kirishni tashkil qilish imkoniyatlari o‘rganiladi. Joriy yilning noyabr oyida Afg‘onistonda yetishtirilgan va O‘zbekistonda tanqis bo‘lgan meva-sabzavot va yong‘oq kabi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ro‘yxati shakllantiradi.
Joriy yilning noyabr va dekabr oylarida ushbu mahsulotlarni hamkorlikda qayta ishlash maqsadida O‘zbekiston va Afg‘oniston tomonidan hamkorlar topish va qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar shakllantiriladi. 2021 yildan tayyor mahsulotlarni reeksport qilish choralari ko‘riladi.
Afg‘onistonga eksport qilish uchun un, non mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, meva-sabzavot va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan qiymati 75,6 million AQSH dollariga teng 7 ta loyiha amalga oshiriladi.
Joriy yilning noyabr oyida loyihalar bo‘yicha biznes reja va boshqa zarur loyiha hujjatlari ishlab chiqiladi. O‘zbekiston va Afg‘oniston tashabbuskorlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish va loyihalarni amalga oshirish shartlari kelishib olinadi.
Joriy yilning dekabr oyidan loyihalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalari aniqlanadi.
2021 yilning sentyabr oyida qurilish va ta’mirlash hamda asbob-uskunalarning montaj ishlari yakunlanadi. Oktyabr oyida esa ishlab chiqarish va eksport qilish faoliyatini boshlash ko‘zda tutilgan.
LiveBarchasi