Afg‘onistondagi zilzila qurbonlari soni 1400 dan oshdi

Olam

image

Afg‘onistonda sodir bo‘lgan mamlakat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan birida halok bo‘lganlar soni 1400 dan oshdi va minglab odamlar jarohatlandi. Qutqaruv ishlari qayta boshlandi. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumati so‘zlovchisi Zabihulloh Mujohid xabar berdi.

Qutqaruvchilar zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan, borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududlarga yetib borishga harakat qilmoqda. Yangi raqamlar mahalliy hokimiyat tomonidan taqdim etilgan. Avvalroq Afg‘oniston Qizil yarim oy jamiyati 1100 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berib, qurbonlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirgan edi.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, tabiiy ofatdan kamida 3251 kishi jabr ko‘rgan, 8000 dan ortiq uy vayron bo‘lgan.

Qutqaruv guruhlari omon qolganlarni qidirishda davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, bu – “Tolibon” muvaqqat hukumati hokimiyatga kelganidan (2021 yil) beri yuz bergan uchinchi yirik zilzila. Xorijiy kuchlar chiqib ketgach, davlat moliyasining asosiy qismini tashkil etgan xalqaro yordam ham keskin qisqargan. Diplomatlar va yordam tashkilotlari butun dunyodagi boshqa inqirozlar hamda “Tolibon”ning ayollarga nisbatan siyosatlari (xususan, ayol gumanitar xodimlarga qo‘yilgan cheklovlar) sabab moliyaviy ko‘mak qisqarganini aytishmoqda. Gumanitar yordam miqdori ham 2022 yildagi 3,8 milliard dollardan joriy yilda 767 million dollargacha kamaygan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati halok bo‘lganlar sonini 812, yaradorlar sonini esa 2,8 ming kishi deb baholagan edi. Zilzila kecha, 1 sentyabrga o‘tar kechasi 6,0 magnitudada yuz bergan. Undan so‘ng yana 5,2 va 4,7 magnitudali ikki marta takroriy silkinish qayd etilgan. AQSH geologik xizmati (USGS) zilzila va takroriy silkinishlarning epitsentrini Kunar viloyatidagi Jalolobod shahri yaqinidagi hudud deb ko‘rsatgan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon zilzila qurbonlari Zabihulloh Mujohid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing