Afg‘onistonda yana xudkush terrorchi portlash sodir etdi. Qurbonlar bor
Olam
−
12 mart 2023
6534Kecha, 11 mart kuni Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahrida jurnalistlar, mahalliy rasmiylar va bir qancha din arboblari ishtirok etgan tadbirda xudkush terrorchi o‘zini portlatib yubordi. Bu haqda “Tasnim” agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu voqea “Tebiyan” Eron madaniyat markazida bo‘lib o‘tayotgan tadbirda sodir bo‘lgan.
Ayni damda ikki kishi halok bo‘lgani, yana 14 kishi yaralangani ma’lum.
Jarohatlanganlar orasida “Ariana News” muxbiri Najib Farid va uning “Pajhwok”
agentligidagi hamkasbi Abdul-Sabur Siret ham bor. “Tolonews” telekanali ham uning jurnalisti jarohat olgani haqida xabar bergan.
“Tolibon” hali ushbu voqeaga izoh bermagan. “Tolibon”ga qarshi guruhlarning hech biri hali “Tebiyan” madaniyat markazidagi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 mart kuni Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatida portlash sodir bo‘lgandi.
LiveBarchasi