Afg‘onistonda to‘ylardagi qator marosimlar taqiqlandi
Olam
−
02 Sentabr 11776 3 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumatining rahbari Xaybatulloh Oxundzoda oilalar uchun “islomiy bo‘lmagan” va moliyaviy jihatdan og‘ir deb topilgan bir qator an’anaviy to‘y marosimlarini taqiqlovchi farmon chiqardi. Bu haqda “Amu.tv” xabar berdi.
“Tolibon” muvaqqat hukumati adliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan farmon bilan haddan tashqari ko‘p qalin puli, to‘yona (to‘y xarajatlari uchun pul), to‘ydan oldingi va keyingi bazmlar, shohona ziyofatlar, fotiha to‘y marosimi va kelin-kuyov uchun beriladigan qimmatbaho sovg‘alar taqiqlanadi.
Quyida hujjatda keltirilgan asosiy cheklovlar:
- Fotiha to‘y bazmlaridan, jumladan, “payvaziy” (fotiha va to‘ydan keyingi marosimlar) dan voz kechish kerak.
- “Dastmol xuriy” (ro‘molcha marosimi)da sovg‘a almashish faqat kelin va kuyov o‘rtasida bo‘lishi mumkin. Bunday tadbirlarni mehmonxonalarda o‘tkazish taqiqlanadi.
- Kelin fotiha to‘yidan keyin yiliga bir martadan ortiq kiyim-kechak sovg‘a sifatida ola olmaydi. Kuyovga kiyim sovg‘a qilish taqiqlanadi.
- To‘y marosimlari kuyovning moliyaviy imkoniyatlariga va uning yashash joyiga qarab o‘tkazilishi kerak. Kelinning oilasi qimmat mehmonxonalarni so‘ramasligi lozim.
- Davlat transport vositalaridan to‘ylar uchun foydalanish taqiqlanadi.
- Kuyovga to‘y vaqtida kelinning uyiga taom yuborish taqiqlanadi, kelin oilasiga esa shirinliklar uchun haq olish man etiladi.
- Kelin oilasi kelinni topshirish vaqtida pul talab qila olmaydi.
- Mashina yoki boshqa qimmatbaho sovg‘alar mukofot sifatida beriladigan tanlovlar taqiqlanadi.
- To‘y tadbirlarida osmonga o‘q uzish va xavfli mashina haydash ham man etiladi.
- To‘y tugagandan keyin pul yoki kiyim-kechak tarzida sovg‘a almashish (“ronamoy”) taqiqlanadi.
- “Badal” amaliyoti, ya’ni oilalar o‘rtasida qizlarni almashish orqali nizolarni hal qilish taqiqlanadi. Farmonda bunday urf “yaxshi natija bermaydi”, deya qayd etilgan.
- “Valvar” (kelin puli) va kuyov oilasidan olinadigan shunga o‘xshash moliyaviy talablar ham taqiqlanadi.
Farmonda, shuningdek, to‘ylar xarajatlarni kamaytirish uchun fotiha to‘y nikoh tuzilganidan ko‘p o‘tmay o‘tkazilishi kerakligi ta’kidlangan.
“Bunday qadam Afg‘onistondagi iqtisodiy inqiroz fonida tashlanmoqda. Inqiroz oqibatida ko‘plab yosh afg‘onlar uchun uylanish tobora qiyinlashib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, yuqori darajadagi ishsizlik, kambag‘allikning kuchayishi va “Tolibon”ning ayollarga qo‘ygan cheklovlari – o‘rta va oliy ta’lim, shuningdek, ish faoliyatiga taqiq oilalar orasida norozilikni kuchaytirmoqda. Odamlar to‘ylar ijtimoiy muammolarni yanada og‘irlashtirayotganini aytmoqda.
Qayd etish joiz, “Tolibon” to‘y marosimlariga oid cheklovlarni Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganidan keyin darhol joriy qila boshlagan. Dastlabki taqiqlar qatoriga jonli musiqa ijrosi, alkogol iste’moli, erkaklar va ayollarning birgalikda raqs tushishi va turli tanlovlarda qatnashishi kiritilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon”ning ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi Afg‘oniston janubidagi eng yirik shahar Qandahorda bir qator o‘yinchoqlar, jumladan, qo‘g‘irchoqlar sotilishini harom deb e’lon qilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi