“Tolibon”ni ogohlantirgan BMTning Afg‘onistondagi qarorgohiga hujum uyushtirildi

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi vakolatxonasiga hujum uyushtirildi. Hujumda bir kishi o‘ldirildi va bir qancha odam jarohatlandi. Bu haqda BMTning Afg‘onistondagi missiyasi Matbuot xizmati xabar qildi.

“Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistonning Hirot shahridagi asosiy qarorgohiga hujum uyushtirilishi, afg‘on politsiyasi qo‘riqchisi o‘ldirilishi va ofitser yaralanishini qat’iy qoralaydi”, deyiladi xabarda.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, vakolatxonaga hukumatga qarshi kuchlar hujum qilgani aytilmoqda.

“Kompleks joylashgan Hirot atrofidagi hududda ayni paytda “Tolibon” va hukumat kuchlari o‘rtasida janglar davom etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujumning to‘liq tasvirini tuzishga harakat qilmoqda va buning uchun tegishli tomonlar bilan aloqani saqlamoqda”, deydi vakolatxona.

Ta’kidlanishicha, ob’ektga kirish joylari reaktiv granata va artilleriya o‘qlaridan o‘qqa tutilgan. Hujum vaqtida BMT xodimlaridan hech kim jabrlanmagan.

“BMTga hujum qilingani qayg‘uli va biz uni qat’iy qoralaymiz. Halok bo‘lgan ofitserning oilasiga hamdardlik bildiramiz va yaradorlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilaymiz. Bu hujumni sodir etganlar aniqlanishi va javobgarlikka tortilishi kerak”, degan BMT Bosh kotibining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Debora Layons.

BMT, shuningdek, vakolatxonani hujumdan himoya qilgan Afg‘oniston mudofaa xizmatlari idorasi xodimlariga minnatdorchilik bildirdi.

Fuqarolar va BMT tuzilmalariga hujum qilish xalqaro qonun bilan taqiqlangan va harbiy jinoyatlarga teng ko‘riladi.

Avvalroq, BMT “Tolibon” bilan muzokaralar davomida natijaga erishilmasa, harakat xalqaro darajada izolyatsiya qilinishi haqida ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon BMT

Baholaganlar

337

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing