Afg‘onistonda saylov kuni seriyali portlashlar yuz berdi
Olam
−
28 Sentabr 2019
6479Avvalroq, Afg‘onistonda mamlakat prezidentligi uchun saylov bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Saylovlar tinch o‘tishi uchun 72 ming xavfsizlik xizmati xodimi jalb qilinganiga qaramay, siyosiy jarayon vaqtida qator portlashlar yuz berdi.
Bugun, 28 sentyabr kuni Afg‘onistonda saylov uchastkasi yaqinida portlash yuz berdi. Natijada kamida 15 kishi jabrlandi. Bu haqda AFP xabar berdi.
Terakt mamlakat janubidagi Qandahor shahrida sodir bo‘ldi. Jabrlanganlarning bari erkaklar va ular shifoxonaga olib borilgan.
Boshqa bir portlash Nangarhar viloyatidagi Jalolobod shahrida saylov uchastkasi oldida sodir bo‘ldi. Hodisada 1 kishi halok bo‘ldi, 4 nafari jarohatlandi.
Shuningdek, yana bir portlash Afg‘oniston shimolidagi O‘zbekiston bilan chegara yaqinida joylashgan Qunduz shahrida yuz berdi. Portlash natijasida 1 kishi halok bo‘ldi.
Ba’zi OAV tarqatayotgan xabarlarga ko‘ra, saylov kuni umumiy hisobda 9 ta portlash yuz bergan va 870 ta saylov uchastkasi bilan aloqa uzilib qolgan. Jami saylov uchastkalari soni 5373 tani tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, Saylovlar mamlakatda “Tolibon” harakati doimgidanda faollashgan bir vaqtda o‘tkazilyapti. Harakat odamlarni saylovni boykot qilishga chaqiryapti.
Shu o‘rinda saylovlardan avval Afg‘onistonga tinchlik keltirishi mumkin bo‘lgan AQSH va “Tolibon” muzokaralari samarasiz yakunlanganini ta’kidlash lozim.
Bugungi saylovda 9,7 mln afg‘on ovoz berish uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Prezidentlik uchun nomzodlar soni 13 nafar bo‘lib, ularning orasida Ashraf G‘ani va Abdulla Abdulla ham bor.
LiveBarchasi