Afg‘onistonda ocharchilik chuqurlashmoqda – BMT

Olam

image

Afg‘onistonda ocharchilik inqirozi xalqaro moliyaviy yordam yetishmasligi tufayli tobora og‘irlashib bormoqda. Joriy qish mavsumida ocharchilikdan bolalar o‘limi ko‘payishi xavfi yuqori. Bu haqda bugun, 16 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lum qildi

BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (JOD) o‘nlab yillar davomida ilk bor to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekayotgan millionlab afg‘onlarga yetarli darajada yordam ko‘rsata olmayapti. Urushdan jiddiy zarar ko‘rgan Afg‘onistonga xalqaro yordam hajmi 2021 yildan buyon AQSH boshchiligidagi kuchlar mamlakatni tark etib, “Tolibon” hokimiyatni qayta qo‘lga olganidan so‘ng sezilarli darajada qisqargan. Vaziyat zilzilalar kabi qator tabiiy ofatlar oqibatida yanada og‘irlashgan.

BMT agentligi bayonotiga ko‘ra, Jahon oziq-ovqat dasturi o‘nlab yillar ichida ilk bor qish mavsumiga yetarli tayyorgarlik ko‘ra olmayapti va butun mamlakat bo‘ylab favqulodda vaziyatlar hamda oziq-ovqat yordamini kengaytirish imkoniyatidan mahrum. Eng zaif 6 million afg‘onistonlikni oziq-ovqat bilan ta’minlash uchun 460 million dollardan ortiq mablag‘ zarur.

“Bolalar o‘rtasida to‘yib ovqatlanmaslik darajasi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. Shu bilan birga, zarur xizmatlarni ko‘rsatayotgan agentliklar uchun xalqaro moliyalashtirish misli ko‘rilmagan darajada qisqardi, bu esa davolanish imkoniyatlarini keskin cheklamoqda”, deyiladi xabarda.

Jahon oziq-ovqat dasturi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda 17 million kishi ochlikdan aziyat chekmoqda. Bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 3 millionga ko‘p. O‘sish qisman qo‘shni Eron va Pokistondan deportatsiya qilingan millionlab afg‘on migrant va qochqinlar bilan bog‘liq. Eng sovuq qish oylarida oziq-ovqat tanqisligi kuchayib, bolalar o‘limi ortishi mumkin.

Shuningdek, gumanitar tashkilotlar Afg‘onistonga to‘satdan qaytib kelayotgan aholi oqimini qabul qilish uchun zarur infratuzilma yetishmasligidan ogohlantirmoqda.

“Biz hozircha atigi 12 foiz miqdorida moliyalashtirilganmiz. Bu jiddiy to‘siq”, dedi Jahon oziq-ovqat dasturining oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish tahlili bo‘yicha direktori Jan-Martin Bauer Jenevada bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida. Uning so‘zlariga ko‘ra, 3,7 million afg‘on bolasi to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda, ularning 1 million nafari og‘ir ahvolda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2021 yildan beri ilk bor Afg‘oniston bilan chegarani ochgani haqida xabar berilgandi. Endi yo‘lovchilar ikki davlat orasida to‘g‘ridan to‘g‘ri va xavfsiz tarzda harakatlanishi mumkin. Shu bilan birga, viza talabi o‘z kuchida qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

ocharchilik Afg'onistonda

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing