Somalida millionlab odamlar ocharchilik xavfi ostida – BMT
Olam
−
21 fevral 699 1 daqiqa
BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) Somalida gumanitar vaziyat keskinlashayotganini ma’lum qildi. Bu haqda bugun, 20 fevral kuni tashkilot saytida xabar berildi.
Tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha rahbari Ross Smit Jenevada o‘tgan brifingda millionlab somaliliklar ochlik xavfi ostida ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ketma-ket ikki yil mavsum quruq kelgan. Bundan tashqari, davom etayotgan mojarolar vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Hozirda 4,4 million kishi (aholining qariyb chorak qismi) oziq-ovqat tanqisligi inqirozi yoki undan ham og‘ir darajada yashamoqda. Shuningdek, 2 millionga yaqin bola to‘yib ovqatlanmaslikdan aziyat chekmoqda. So‘nggi 5 oy ichida qariyb 500 ming kishi uyini tark etishga majbur bo‘lgan.
Ross Smitning ogohlantirishicha, agar zudlik bilan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmasa, ko‘rsatilayotgan favqulodda oziq-ovqat yordami bir necha hafta ichida to‘gashi mumkin.
Moliyalashtirish yetishmasligi sababli 2025 yilda yordam dasturlari 50 foizgacha qisqartirilgan. Hozirda ochlik xavfi ostidagi 4,4 million kishidan atigi 640 ming nafari ushbu yordamdan foydalanmoqda.
BMT xalqaro hamjamiyatni Somalidagi millionlab ayollar, erkaklar va bolalarga e’tibor qaratib, zudlik bilan moliyaviy yordam ajratishga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon tashkiloti jiddiy moliyaviy inqiroz yoqasiga kelib qolganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi