Afg‘onistonda kuchli zilzila kamida 26 kishining umriga zomin bo‘ldi
Olam
−
18 yanvar 2022
6842AQSH Geoligiya jamiyatining ma’lum qilishicha, kecha 17 yanvar kuni Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Badgis provinsiyasida sodir bo‘lgan kuchli yer silkinishi oqibatida kamida 26 kishi halok bo‘lgan.
Muvaqqat Afg‘oniston hukumati vakilining bildirishicha, qurbonlar orasida ayollar va 4 nafar yosh bolalar ham bor.
Ma’lum qilinishicha, zilzila kuchi 4.9-5.3 ball magnituda atrofida bo‘lgan. Oqibatda asosan Badgis provinsiyasining Qadis aholi punktiga katta zarar yetgan. Kuchli yer qimirlashi oqibatida 700 dan ortiq uy vayron bo‘lib, 1 000 dan ortiq binolarga zarar yetgani aytilmoqda.
Badgis provinsiyasi rasmiy vakili Baz Muhammad Sarvariyning aytishicha, zilzila yetkazgan zararning umumiy qiymati hali ma’lum emas, vayronalar ortidan 26 kishining jasadi topilgan, ammo bu hali hammasi bo‘lmasligi mumkin.
Bildirilishicha, zilzilaning birinchi to‘lqini tushdan so‘ng sodir bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi to‘lqin esa oradan ikki soat o‘tib kuzatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavhalarda yosh bolalarning xarobalar orasidan o‘zlariga tegishli bo‘lgan qadrli va kundalik ehtiyojdagi buyumlarini qidirayotgani aks etgan.
“Hozirda, xarobalar ostidan tirik qolganlarni qidirib topish uchun maxsus qidiruv-qutqaruv kuchlari jalb etilgan”, deya bildirgan “Tolibon” Matbuot kotibi Inomulloh Samangoniy.
Qayd etilishicha, qidiruv-qutqaruv ishlari hali ham davom ettirilmoqda.
Ma’lumot o‘rnidan, Turkmanistondan 100 km uzoqlikda joylashgan Afg‘onistonning Badgis provinsiyasi mamlakatning eng qoloq va rivojlanishdan ortda qolgan hududi hisoblanadi.
40 yil mobaynida davom etgan urushlar natijasida yuzaga kelgan vayronalarni ta’mirlash va aholiga gumanitar yordam yetkazish uchun BMT xalqaro donorlardan 2022 yilda Afg‘onistonga 5 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratishni so‘ragan.
Behruz Saidov
LiveBarchasi