Afg‘onistonda xatmi Qur’on vaqtida portlash yuz berdi. Qurbonlar bor
Olam
−
19 dekabr 2020
5570Kecha, 18 dekabr kuni Afg‘oniston sharqidagi G‘azna viloyatida sodir bo‘lgan portlash natijasida 30 nafardan ortiq tinch aholi vakili halok bo‘ldi va jarohatlandi. Bu haqda “Afghanistan.ru” xabar berdi.
Afg‘oniston IIV Matbuot kotibi Tariq Arianning so‘zlariga ko‘ra, qo‘poruvchilik harakati mahalliy vaqt bilan soat 14:00 larda Gilon uyezdida sodir bo‘lgan. Terrorchilar Qur’on xatm qilish marosimi ishtirokchilari orasida minalashtirilgan mototsiklni portlatgan.
Mototsikl uy darvozasi oldida portlagan. Hodisa vaqtida uyda marosim uchun yig‘ilgan o‘nlab odamlar bo‘lgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida 15 kishi halok bo‘lgan, jumladan bolalar ham. Yana 20 nafar tinch aholi vakili tan jarohati olgan.
Shu bilan birga, mahalliy hokimiyat portlashda 12 nafar voyaga yetmagan bolalar qurbon bo‘lganini xabar qilgan.
Hozirgacha mamlakatdagi qurolli guruhlarning hech biri portlash uchun javobgarlikni zimmasiga olmagan.
Avvalroq, AQSHning Afg‘onistondagi aviabazasiga raketadan hujum uyushtirilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi