Afg‘onistonda qizlar uchun maktab va universitetlarni ochish kampaniyasi boshlandi

Olam

image

Afg‘onistondagi universitet professorlari, ayol huquqlari faollari va din arboblari mamlakatda qizlar uchun maktab va universitetlarni qayta ochish uchun “Afg‘on qizlari ta’limi” kampaniyasini boshladi. Bu haqda “Devdiscourse” xabar berdi.

Aksiya tashkilotchilarining aytishicha, so‘nggi ikki yil ichida milliy maktab va universitetlarni qayta ochish haqidagi iltimoslariga qaramay, hech qanday chora ko‘rilmagan.

Tashkilotchilar qizlarning maktab va universitetlarga kirishiga ruxsat berilmaguncha kampaniyani davom ettirishlarini bildirgan.

“Ushbu kampaniyadan maqsad davlat va xususiy universitetlarda 6-sinf o‘quvchilari va talaba qizlarning huquqlarini ta’minlashdan iborat”, deydi universitet o‘qituvchisi Abeda Majidiy.

Ayni paytda, ba’zi qizlar oltinchi sinfdan oshgan qizlar uchun mamlakat maktablari yopilganidan keyin noaniq kelajakka duch kelishganini bildirgan.

“O‘qimasak kelajakda yurtimizda yaxshi shifokor ham, yaxshi o‘qituvchi ham bo‘lmasligi aniq”, deydi talaba Setora.

Ma’lumot uchun, mamlakatda oltinchi sinfdan oshgan qizlar maktablari 650 kundan ortiq vaqtga yopildi. Qizlar maktablarining yopilishi mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham norozilik uyg‘otgan bo‘lsada, haligacha Tolibon rejimidan qizlar uchun maktablarni qayta ochish haqida hech qanday xabar yo‘q.

Afg‘onistonda qizlar va ayollarning huquqlarini cheklanishi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” Qobul va Afg‘onistonning boshqa viloyatlarida go‘zallik salonlarining faoliyatini taqiqlagandi. Bundan tashqari, mamlakatda allaqachon qizlar uchun ta’lim muassasalari, jumladan, maktablar va universitetlar yopilgan. “Tolibon” tomonidan afg‘on ayollarining xalqaro va milliy nohukumat tashkilotlarda ishlashi ham man etilgan. Ommaviy axborot vositalariga esa ayollar ovozi bilan efirga uzatiladigan tijoriy e’lonlarni berish taqiqlangan. 

Avvalroq mamlakatdagi ayollar sartaroshxonalariga kosmetika vositalaridan foydalanishda qator cheklovlar joriy etilgandi. Bundan tashqari, afg‘onistonlik ayollar ochiq havodagi restoranlarga borishi ham mumkin emas. Joriy yil aprel oyida nishonlangan Ramazon hayitida, hatto, ayollarning ko‘chaga chiqishi ham taqiqlangandi. Bunday cheklovlar nafaqat ayollarga, balki erkaklarga nisbatan ham joriy qilingan. Masalan, erkaklar uchun ayollarning kiyimlarini tikish taqiqlangan. Shuningdek, Afg‘onistonda ayollarni erkak shifokorlar davolashi ham mumkin emas. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobotiga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyati ostida so‘nggi paytlarda o‘smir qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘paygan. Shunga qaramay, “Tolibon” yaqinda mamlakat ayollarining “erkin inson” maqomi tiklanganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston qizlar ta'lim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing