Afg‘onistonda Do‘stum yetakchiligida yangi front tuziladi
Olam
−
30 avgust 2021
30984Afg‘onistonning bir guruh faxriy rahbarlari, jumladan, ikki obro‘li shaxsi “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda Afg‘oniston shimolidagi Balx viloyatining sobiq qudratli gubernatori Ato Muhammad Nurning o‘g‘li Xolid Nur xabar bergan.
Ta’kidlanishicha, uchrashuv kelgusi bir necha hafta ichida o‘tkaziladi va mamlakatning keyingi hukumati bilan muzokara olib borish uchun yangi front tuziladi.
“Ushbu guruhda asli o‘zbekistonlik faxriy yetakchi Marshal Abdul Rashid Do‘stum va “Tolibon” hokimiyatni egallashiga qarshi bo‘lganlar bor. Biz birgalikda muzokara o‘tkazishni ma’qul ko‘ramiz, chunki Afg‘oniston muammosini faqat ikkimizdan birimiz hal qila olmaymiz”, degan Nur.
Nurga ko‘ra, ushbu jarayonda mamlakatning butun siyosiy hamjamiyati, ayniqsa, jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi bilan hokimiyat tepasida turgan an’anaviy rahbarlar ishtirok etishi muhim.
“Tolibon” ayni paytda juda, juda takabbur, chunki ular yaqindagina harbiy g‘alabaga erishdi. Ammo biz taxmin qilamizki, ular avvalgidek hukmronlik qilish xavfi borligini bilishadi”, degan Nur.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti. Ushbu viloyat Afg‘onistonning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan.
LiveBarchasi