Afg‘oniston telekanali diniy taqiq tufayli audio formatga o‘tdi
Olam
−
08 mart
3188Afg‘onistonning Farah viloyatidagi davlat televideniyesi – RTA “Tolibon” muvaqqat hukumatining ezgulikni targ‘ib qilish va illatlarning oldini olish vazirligi tomonidan jonli tasvirlarni ko‘rsatish taqiqlangandan keyin faqat audio eshittirish tizimiga o‘tdi. Bu haqda Afg‘oniston jurnalistika markazi – AFJC xabar berdi.
“Farah milliy radio va televideniye departamenti vizual dasturlarni butunlay yo‘q qilib, faqat audio platformaga o‘tdi. Eshittirishlar endi faqat onlayn kontentdagi jonsiz jism yoki tuzilma tasviri bilan to‘ldirilgan audio hisobotdan iborat bo‘ladi”, deyilgan xabarda.
AFJC'ga ko‘ra, yangi tartib hozircha xususiy ommaviy axborot vositalariga rasman joriy qilinmagan, biroq ko‘plab mahalliy amaldorlar kameraga intervyu berishni istamayapti.
Farah mamlakatning ushbu cheklov chorasini qo‘llagan yettinchi viloyati. Ilgari bunday taqiq Qandahor, Tohar, Badgis, Hilmond, Nangarhor va Nuristonda amaliyotga kiritilgan. Keyinchalik ushbu hududlarning ba’zilari fotosurat yoki video intervyudan foydalanishga ruxsat berish uchun qarorni yumshatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” muvaqqat hukumatining axborot va madaniyat vazirligi xodimlari xavfsizlik kuchlari bilan birgalikda Afg‘onistondagi yagona ayollar radiosi – “Radio Begum” ofisiga bostirib kirib, uning eshittirishlarini to‘xtatgandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari reyd davomida tashkilotga rahbarlik qilgan ayollar, shuningdek, vokzalda muhim lavozimda ishlamagan ikki erkakni qo‘lga olgan.
LiveBarchasi