Afg‘oniston Mudofaa vazirining uyiga hujum uyushtirildi

Olam

image

Kecha, 3 avgust kuni Afg‘oniston Mudofaa vaziri general Bismilla Xon Muhammadiyning Qobuldagi uyi yonida portlash yuz berdi. Oqibatda 4 kishi halok bo‘lib, 20 kishi yaralandi. Bu haqda "France Press" axborot agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu portlashni uyushtirganlar 4 kishi bo‘lgan va ularning hammasi o‘ldirilgan. Shuningdek, vazir Bismilla Xon Muhammadiy va uning oila-a’zolariga zarar yetmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, dastlab Mudofaa vazirining uyi yaqinida mashina portlatilgan, shundan so‘ng uning uyiga bir nechta qurollangan odamlar bostirib kirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyul kuni Qurbon hayiti namozi o‘qilayotganda Afg‘oniston Prezidenti saroyiga bir necha raketalar otilgan. O‘shanda snaryadlar Prezident saroyi yonida portlagandi.

Qayd etish kerakki, hozirda Afg‘onistonda hukumat kuchlari va “Tolibon” o‘rtasida harbiy harakatlar ketyapti. Kimning qo‘li baland kelishi borasida bir aniq bashorat berish qiyin. Chunki O‘zbekistonning janubiy qo‘shnisidan har kuni turli xil xabarlar kelmoqda. 

Bir safar toliblar Afg‘onistonning biror tumanini egallagani aytilsa, boshqa safar hukumat kuchlari harakat a’zolarining bir qancha jangarilarini yo‘q qilganini aytmoqda. Jumladan, Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari bir sutkada “Tolibon” harakatining 450 dan ortiq jangarasini yo‘q qilgani haqida xabar bergan bo‘lsa, iyul oyi oxirida harakatning bir necha qo‘mondonlari hibsga olingani aytilgandi. Shu o‘rinda, mamlakatni tark etayotgan AQSHning urinishlarini esdan chiqarmaslik kerak. Amerika Havo kuchlari bir necha marta toliblarni havodan o‘qqa tutib, “Tolibon”ni faol harbiy harakatlar olib bormaslikka chaqirdi. O‘z navbatida, rasmiy Qobul “Tolibon” bilan tinchlik o‘rnatishga rozi ekanini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

159

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing