Afg‘onistonda Prezident saroyiga raketalar uchirildi (video)

Olam

image

Afg‘oniston poytaxti Qobuldagi mamlakat Prezidenti saroyiga bir nechta raketalar otildi. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni “Sinxua” agentligi mahalliy televideniyaga asoslanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, raketalar Prezidenti saroyida Qurbon hayiti namozi o‘qilayotganda uchirilgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani va boshqa rasmiylar ushbu saroyda bo‘lgan.

Xabarga ko‘ra, jabrlanganlar haqida ma’lumot hali e’lon qilinmagan. Snaryadlar esa Prezident saroyi yonida portlagan.

O‘z navbatida, Afg‘onistonning 1TV telekanali saroy yonida uchta portlash eshitilganligi haqida xabar bergan.

Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1391

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing