Afg‘oniston elchisi “Tolibon”ni tan olishga shoshilmaslikka chaqirdi 

Olam

image

“Tolibon” harakatini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar toliblarni tan olishga shoshilmasligi kerak va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga aralashishi lozim. Bu haqda Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar ma’lum qildi.  

“Men Afg‘onistonda o‘z manfaatlari bo‘lgan kuchli davlatlardan “Tolibon”ni tan olishga shoshilmasliklarini so‘rayman”, degan elchi. 

Uning fikricha, BMT Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga aralashishi kerak. 

“Mamlakatimiz xalqlarining barcha milliy va diniy manfaatlari inobatga olinib, toliblar inklyuziv hukumat tuzishi va saylovlar o‘tkazishi uchun BMT aralashishi kerak”, degan diplomat. 

Uning fikricha, toliblarni moliyalashtiradigan va qo‘llab-quvvatlaydigan davlatlar ularning ushbu va’dalari kafiliga aylanishi kerak.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan "Tolibon" harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.

Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni "Tolibon"ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.

Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.

Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda "Tolibon"ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon

Baholaganlar

142

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing