Afg‘oniston aholisining qariyb 32 foizi ochlikdan aziyat chekmoqda

Olam

image

Afg‘onistonda 14 million kishi kuchli oziq-ovqat tanqisligiga duch kelmoqda. Bu mamlakat aholisining qariyb 32 foizini, ya’ni har uch kishidan birini tashkil etadi. Bu haqda BMT xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakatdagi inqirozga qurolli mojarolar, ishsizlik, oziq-ovqat narxlarining oshishi, gumanitar yordam mablag‘larining qisqarishi va ta’minotdagi uzilishlar sabab bo‘lmoqda. So‘nggi uch yilda Pokiston va Erondan qariyb 6 million afg‘onning majburan qaytarilishi ham mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shimcha bosim o‘tkazgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxi 20–30 foizga oshgan. Tashkilot ochlikdan aziyat chekayotgan 14 million kishining faqat bir qismini oziq-ovqat bilan ta’minlay olmoqda.

Vaziyat, ayniqsa, bolalar orasida og‘irlashgan. Afg‘onistonning 12 ta viloyatida bolalarning o‘tkir oziq-ovqat tanqisligi tarixdagi eng yuqori darajaga yetgan. Eng og‘ir holatlar ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarda kuzatilmoqda.

WFP vakili Jon Ayliffning aytishicha, sog‘liqni saqlash markazlariga og‘ir ahvolda olib kelinayotgan bolalarning 80 foizini ikki yoshgacha bo‘lganlar tashkil etmoqda.

Mamlakatdagi vaziyatni bir oilaning holati ham yaqqol ko‘rsatib turibdi. Qandahor viloyatida yashovchi uch farzandli Faridaning eri ko‘cha savdosi bilan shug‘ullanib, kuniga bir dollardan kam daromad topadi. Uning ikki farzandi kamqonlikdan aziyat chekmoqda, olti yoshli o‘g‘li esa oziq-ovqat tanqisligi tufayli bir necha oydan beri maktabga bora olmagan. WFP vakili Faridaning chaqalog‘iga sut o‘rniga achchiq choy berilganini aytgan. Oilada esa sut sotib olish uchun ham mablag‘ yo‘q.

Ayni paytda gumanitar yordam uchun mablag‘ yetishmasligi sababli hayotni saqlab qolishga qaratilgan dasturlar qisqartirilmoqda. Bolalarda oziq-ovqat tanqisligi va o‘sishdan orqada qolishning oldini olish uchun maxsus ozuqaviy mahsulotlarni tarqatish 2025 yil may oyida to‘xtatilgan.

Ma’lum qilinishicha, Afg‘onistondagi favqulodda oziq-ovqat va ovqatlanish dasturlarini amalga oshirish uchun joriy yilda taxminan 900 million dollar kerak. Qish oldidan inqiroz yanada og‘irlashmasligi uchun esa qo‘shimcha 500 million dollar mablag‘ zarur.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 3,7 million bola hamda 1,2 million homilador va emizikli ayol oziq-ovqat tanqisligidan aziyat chekmoqda. Gumanitar tashkilotlar inqirozning yanada kuchayishi migratsiya, radikalizm va beqarorlikni oshirishi, uning oqibatlari esa Afg‘oniston chegaralaridan tashqariga ham tarqalishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ugandaning Karamoja mintaqasida uzoq davom etgan qurg‘oqchilik hosilni butunlay nobud qilganidan keyin kamida 16 nafar mahalliy aholi vakili ochlikdan vafot etgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing