Afg‘oniston harbiylari “Tolibon” harakatining bir necha qo‘mondonlarini hibsga oldi
Olam
−
26 iyul 2021
10964Afg‘oniston Milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlari (AMMXK) qator operatsiyalar davomida “Tolibon” harakatining bir necha qo‘mondonlarini hibsga oldi. Bu haqda bugun, 26 iyul kuni mamlakat Ichki ishlar vazirligi veb-saytida xabar berildi.
Qayd etilishicha, harbiy amaliyotlar Qobul va Gor viloyatlarini birlashtirgan avtomagistral yo‘lida amalga oshirilgan. Hibsga olingan “Tolibon” qo‘mondonlari orasida Muhammad Jan ham bor, u mamlakat yo‘llarini boshqarish, tovlamachilik qilish va hujumlarni uyushtirish uchun javobgar bo‘lgan. Yana bir necha “Tolibon” a’zolari zararsizlantirilgan.
Bundan tashqari, mamlakat xavfsizlik kuchlari Gor-Qobul avtomagistrali bo‘ylab bir nechta qishloqlarni toliblardan ozod qilgan. Shuningdek, ushbu yo‘lda harakat tomonidan o‘rnatilgan beshta tankga qarshi minalar zararsizlantirilgan.
Eslatib o‘tamiz, rasmiy Vashington “Tolibon” harakati Afg‘oniston hududlariga hujumlarni to‘xtatmasa, AQSH ularga aviazarba berishda davom etishini ta’kidladi.
Faollashgan “Tolibon” va Afg‘onistondagi keskinlik
Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi.
Joriy yilning 13 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 95 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, Italiya, Avstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.
Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Shunday bo‘lsa-da, harakat vakillari Afg‘onistondan tashqariga chiqmasliklarini va qo‘shni davlatlarga xavf solmasliklarini qayta va qayta ta’kidlamoqda.
LiveBarchasi