Ra’no Jo‘rayeva ketishi ortidan aeroportlardagi “qizil” va “yashil” yo‘lak tizimi tugatildi
Jamiyat
−
16 avgust 2023
17036O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishidagi ikki yo‘lakli tizim tugatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Bayon etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 11 avgustdagi 363-sonli qarori bilan Hukumatning 2017 yil 11 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaroriga bojxona ma’murchiligini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2022 yil 27 apreldagi PF-122-son Farmoni bilan xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida “Masofaviy bojxona nazorati” (maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali) tizimi joriy etilgan. Shu munosabat bilan endilikda xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, masofaviy bojxona nazorati – xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yo‘lovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida hamda masofaviy vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni ta’minlaydigan tizim hisoblandi.
Xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berish uchun yo‘lovchilar harakatiga ta’sir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joyi davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Customs” yozuvlari bo‘lgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro aeroportlarining uchib ketish joyidagi masofaviy bojxona nazorati tizimiga qo‘yiladigan talablar belgilab olindi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning fevralidan buyon “Uzbekistan Airports” boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Ra’no Jo‘rayeva joriy yilning 7 avgust kuni lavozimini tark etdi. Uni boshqa lavozimidan ozod etilganlardan farqli o‘laroq Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov va Ilhom Mahkamov hurmat va ehtirom bilan kuzatib qo‘ydi.
Ra’no Jo‘rayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi nima asosda va nega muddatidan avval bekor qilingani sabablari ochiqlanmagan. Uzunquloq gaplarga qaraganda, Ra’no Jo‘rayeva uzoq yillar Rossiya yashab, yuqori lavozimlarda faoliyat yuritgan. Shuningdek, uning o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning loyihalarida boshchilik qilgani haqida gaplar yuradi. Va Jo‘rayevaning “Uzbekistan Airports”dan ketishini G‘arbning Rossiya va Usmonov kompaniyalari, unga aloqador shaxslarga sanksiyalar kiritishi bilan ham bog‘layotganlar yo‘q emas.
LiveBarchasi