Advokatlik qilish shart emas – Oliy sud Bo‘stonliqdagi “snos” masalasi bo‘yicha rasmiy bayonot berdi

Jamiyat

Avvalroq, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi “snos”, ya’ni buzilayotgan binolar haqida ma’lum qilgan edik. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, (bu rasmiy ma’lumotlarga asoslangan) tumanda 396 ta turar va noturarjoy binolari noqonuniy tarzda qurilgani, 574 ta holatda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer maydonlari aniqlangan.

Bunga misol qilib, “G‘azalkent-Chimyon” avtomobil yo‘lining Glavasoy qishlog‘i hududidagi maktabning foydalanilmasdan turgan yordamchi binosi ushbu huddudda yashovchi fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingani, “Ugam” daryosi hududida 150 ta holatda 16,7 gektar yer maydoni hamda ob’ekti bor 2,6 ming metr kvadrat maydon to‘liq xatlovdan o‘tkazilganini misol qilib keltirib o‘tsa bo‘ladi. Bu ro‘yxatni yanada davom ettirish mumkin.

Mazkur masala bilan bog‘liq holatda 8 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va bu jarayon davom ettirilmoqda.

Tumandagi o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgan qurilishlarni o‘z ko‘zi bilan borib ko‘rgan Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorov ham qoraladi. U qurilishlar betartib amalga oshirilganiga e’tibor qaratdi.

Ammo u yerga borgan Oliy sud raisi o‘rinbosarining tashrifi va bildirgan fikrlari keng jamoatchilik, xususan, jurnalist va blogerlarning keskin fikrlariga sabab bo‘ldi.

Mana shu mavzu yuzasidan bugun, 6 iyul kuni Oliy sud o‘z munosabatini bildirdi.

Oliy sud Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi emas. 

“Ayni tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, bu jarayonda noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish bo‘lgani bois, Oliy sud rahbariyati tashkilotchi-ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari bo‘lgan jurnalist va blogerlarning qat’iy talabiga ko‘ra, ishtirok etish haqidagi taklifni (yanayam aniqrog‘i, xabarni) qabul qildi.

Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatiga kiradi. Shunga qaramay huquqiy tushuntirishlarni go‘yoki sud organi ijroiya hokimiyatiga “advokatlik qilish” tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, mas’uliyatsizlik va “oq”ni “qora”  deyishdan boshqa narsa emas”, deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, Bo‘stonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar o‘sha joyning o‘zida, ya’ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilmoqda.

“Aslida sayyor sud majlislari tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkillashtiriladi. Biroq o‘tkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni, go‘yoki “hasharga kelgan shaxs” sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obro‘yiga putur yetkazishga urinish, deb baholash mumkin”, deyiladi Matbuot xizmati xabarida.

Ma’lum qilinishicha, nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning  shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida mas’ul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan.

Xo‘sh, buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilganmidi?

Bu masalada Oliy sud tomonidan taqdim etilgan munosabatda shunday deyiladi:

“Amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan yer uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan o‘zgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan o‘nlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib bo‘lmaydigan faktdir”.

Munosabatda keltirilishicha, sud qarori bilan buzilishi belgilangan imoratlarning birontasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkizilmagan qurilmalar, bitkazilgani ham dala hovlilarni tashkil etadi.

Oliy sud ushbu masalaga yana bir bor to‘xtalar ekan, jumladan, shunday deydi:

“Ushbu qurilmalar qalbaki hujjatlar asosida 2019 yilning oxiriga kelib qurib boshlanganiga shubha-gumon bilan qaraganlar “Sil kasalliklari sihatgohi”ga tegishli yerni talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan muassasa rahbari yoki o‘zi ham o‘zboshimchalik bilan uy qurib olgan mahalla raisidan so‘rab yurmasdan, jinoyat ishi hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib chiqishsa, binolar qachon qurilganini aniq bilmoqchi bo‘lganlar nizoli yer maydoninining internet tarmog‘ining “google maps” tizimi orqali aniqlashi mumkin (press-turda Oliy sud rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga planshetda ko‘rsatilgan yilma-yil ma’lumot)

Eng afsuslanarli jihati shundaki, bavtafsil so‘rab-surishtirmasdan, masalani har tomonlama o‘rganmasdan keng jamoatchilikka noto‘g‘ri va noxolis ma’lumot berilayotgani va ularda norozilik kayfiyatini yuzaga keltirilayotganidadir.

Oliy sud tomonidan ushbu bayonotni berishdan maqsad kimlar bilandir matbuotda tortishish, bahs-munozaraga kirishish emas, balki haqiqiy holatni ko‘rsatishdan iboratdir”.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud Bo'stonliq

Baholaganlar

121

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing