Advokatlar palatasiga yangi “qon” kerak...mi?
Tahlil
−
22 Sentabr 2023
11012Bir necha kundan buyon bir emas, bir necha advokatlar butun boshli advokatlarga “bosh” deyiladigan Advokatlar palatasi haqida yozmoqda. “Advokatlar palatasiga yangi "qon" kerak”, deb post qo‘ygan Saidali Muxtoraliyev bu muhokamalarni boshlab berdi.
Uning ma’lum qilishicha 2023 yil 17 noyabr kuni O‘zbekiston Advokatlar palatasining amaldagi raisi Alim Ernazarovning rahbar sifatidagi vakolat muddati tugaydi. Demak, davlatdan mustaqil bo‘lgan eng asosiy huquqiy tashkilotga yangi rahbar saylanadi va bu voqea joriy yil 18 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi mumkin.
Palataga rais qanday tartibda saylanishi haqida batafsil ma’lumot bergan Muxtoraliyev amaldagi palata raisi bosib o‘tgan besh yilda hech narsa o‘zgarmaganini qo‘shimcha qilgan.
“Advokatlar palatasi rahbarligiga yangi “qon” kerakligi aniq, bu fikrni ortda qolgan 5 yillik davrga qarab istalgan odam bemalol aytishi mumkin va advokatlarning aksariyati ham buni tasdiqlashiga ishonchim komil.
Ayni paytda juda ko‘pchilik advokatlarni o‘ylantirayotgan savol: palataga yangi rais kim bo‘ladi? Nomzodlar qanday mezonlarga ko‘ra tanlab olinadi? Nomzodlarning advokatura tizimini rivojlantirish bo‘yicha aniq dasturlari bo‘ladimi va avvaldan palata a’zolari e’tiboriga taqdim etiladimi? Ishqilib nomzodlar Prezident yoxud Adliya vazirligidan tashabbus bo‘lmagunicha dong qotib o‘tiradiganlardan olinmaydimi? Ularning advokatlar orasidagi obro‘-e’tibori qay darajada ekanligi hisobga olinadimi? Yangilangan Konstitutsiyada aks etgan o‘zgarishlarga hamohang yura oladimi va shu yo‘lda advokatlarni o‘z ortidan ergashtira oladimi, ular? Yo‘q aybi uchun javobgarlikka tortilayotgan advokatlarni himoya qila oladimi? Va eng asosiysi, O‘zbekiston advokaturasini mustaqilligini ta’minlash qo‘lidan keladimi?”, deydi Saidali Muxtoraliyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Advokatlar palatasining ustaviga ko‘ra palataga a’zo bo‘lgan har bir advokat palata rahbar organlarini saylashda ishtirok etish huquqiga ega. Shuningdek, advokatlar uchun muhim bo‘lgan savollarga javob olishni va saylov jarayoni shaffof bo‘lishini istashadi.
Shu o‘rinda Advokatlar palatasi haqida qisqacha ma’lumot bersak. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi O‘zbekiston Advokatlar assotsiatsiyasi va uning hududiy bo‘limlari negizida Advokatlar palatasining ta’sis konferensiyasi qarori asosida 2008 yilda tashkil etilgan.
2018 yilning 17 noyabr kuni Advokatlar palatasining konferensiyasida Alim Qodirovich Ernazarov 5 yil muddatga Advokatlar palatasi raisi etib saylangandi.
Ernazarov turli yillarda Davlat suv qurilish qo‘mitasi, Adliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankida qator mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan. 2004 yilda o‘zining advokatlik faoliyatini boshlab, 2008 yilda besh yillik muddatga Advokatlar palatasi raisi etib saylangan.
Boshqa bir advokat Usmonxon Saloxiddinov o‘zining Telegram kanalida hamkasbining “Advokatlar palatasiga yangi "qon" kerak”, nomli postiga munosabat bildirar ekan, uni butun boshli palata o‘zining Telegram kanalida ulashdi. Palata advokatning e’tirozlarni yo nazarga ilmadi, yoki raddiya berishga eringan chog‘i, bu postga boshqa bir advokatdan kelgan javobni ulashib qo‘yish bilan qutuldi.
“Bu juda bo‘rttirib yozilgan asossiz post”, deb o‘z munosabatini boshlagan advokat palata raisi Ernazorovni ancha maqtagan.
“Advokatura tarixida hali biror rahbar Ernazarov kabi O‘zbekiston advokaturasi uchun progressiv o‘zgarishlar qilmagan. Hozirgi rahbar ikkinchi muddatga saylanishi tarafdoriman. Men yaqin 29 yildan beri advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelaman. Men boshqa bir nechta davlatlarda ham advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish vakolatiga egaman.
Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, MDH mamlakatlari ichida O‘zbekiston advokaturasi, islohotlarda, advokatlar huquqlarini himoya qilishda, halqaro hamkorlikda birinchi o‘ringa chiqib oldi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Hali birorta davlatda 5 yil ichida AP tashabbusi bilan O‘zbekistonchalik nufuzli va ibratli xalqaro konferensiya o‘tkazmagan. Advokatlar huquqi A. Q.Ernazarov va Adliya vazirligi tashabbuslari bilan himoya qilinishi uchun qonunda ijobiy takliflar kiritilib o‘zgarmoqda”, deydi Saloxiddinov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, advokatlar maqomini Konstitutsiyaviy darajada belgilanishi olamshumul ijobiy natija hisoblanadi. Qolaversa u “yangi qon kerak” deb da’vo qilish, shuncha islohotlardan keyin, nonko‘rlikdan boshqa narsa emas demoqda.
“Huquqim bor deb hamma narsani valjirayvermang, mas’uliyat va javobgarlikni ham yodda tuting”, deydi advokat Saloxiddinov.
Bundan tashqari, bir nechta advokatlar o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida Advokatlar palatasidan noroziligini bildirmoqda. Jumladan advokat Abdumalik Abdullayev Advokatlar palatasi raisiga savollar ko‘pligini yozadi.
“Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunning 12-2-moddasida Advokatlar palatasining asosiy vazifalari belgilangan. Shulardan biri advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish. Bu norma ularni dastlabki tergov va sudda himoya qilishni ham nazarda tutadi.
Palata tomonidan ushbu yo‘nalishda aynan qanday ishlar qilindi? Aynan qaysi advokatni qaysi ishda himoya qilindi? Ayniqsa, oqlangan 3 nafar ayolga oid jinoyat ishida-chi? Tomoshabin pozitsiyasida turmagandir, axir?! Xullas, savollar ko‘p”, deydi Abdullayev.
QALAMPIR.UZ bilan suhbatda bo‘lgan bir nechta advokatlar palatadan norozi ekanini bildirdi. Iskandar Muxidov advokatlar uchun malaka oshirish, o‘qish, o‘z ustida ishlash uchun palata tomonidan sharoit yaratilmasligi, shu vaqtgacha palata advokatlar uchun jon kuydirmaganini aytmoqda.
“Ichki ishlar organlariga ishga kirish uchun 3-6 oy serjantlik maktabida o‘qiysiz. Prokuraturaga kirishingiz uchun ham maxsus maktab bor. Lekin advokat bo‘lish uchun hech qayerda o‘qimaysiz. Malaka oshirsangiz yoki oshirmasangiz ham o‘zingizdan o‘zingiz advokat bo‘lib ketaverasiz. Bu noto‘g‘ri narsa. Shuning uchun advokatlarga ham o‘qish qilish kerak. Jinoyat protsessual kodeksida advokat bilan prokurorning maqomi teng bo‘lganidan keyin ularning bilim va ko‘nikmalari ham bir xil bo‘lishi lozim.
Advokatlar palatasiga savol beraman: palata sifatida advokatlarga nima qilib berdi? Lekin biz har oyda advokatlik badalini to‘laymiz, bir oy kechiktirsak to‘polon bo‘ladi. Lekin palata advokatdan olgan puliga yarasha nima qildi? Mayli bizga hech narsa qilmasin, lekin pulni advokatura institutini rivojlantirishga sarflash kerak, advokatlik instituti rivojlantirish lozim”, deydi advokat Iskandar Muxidov.
Advokat Abdurauf Hakimov esa Palata faol bo‘lish bilan birga mustaqil bo‘lishi kerakligini aytmoqda.
“Shuncha advokat qamalyapti, advokatga nisbatan ayblov ilgari surilyapti, ijtimoiy tarmoqlarda advokatga nisbatan go‘yoki "o‘rtakashdek" tamg‘a qo‘yilmoqda, palata esa bunga jim...
Advokat bittagina so‘rovnoma bersa javobini vaqtida olmasa 2 ta “minimalka shtraf”ga torta oladi... Bo‘ldi... Palata advokatni maqomini yuksaltirish uchun nima qildi? To‘g‘risi bilmayman. Har oy olinayotgan badal pullari nimaga sarf bo‘lyapti, bilmaymiz. Mustaqilligini-ku aytmasa ham bo‘lsa kerak. Palata raisini Adliya vazirligi emas, o‘zimiz mustaqil saylay olishimiz kerak. Palata yutuq va kamchiliklari to‘g‘risida har chorakda hisobot berishi kerak. Qisqasi faoliyatga“dux” qo‘shish kerak, shijoat jasorat bo‘lsa ishlanadi, rivojlanish bo‘ladi”, deydi Abdurauf Hakimov.
Bir nechta advokatlar bilan suhbatda bo‘lib ularning e’tirozlarini tingladik. Advokatlar palatasi “kattasi” Alim Ernazarov advokatlarning e’tirozlariga munosabat bildirar ekan, bu noroziliklarning barchasi besh yillik faoliyati tugashi arafasida paydo bo‘layotganidan ajablanmaganini bildirdi. Noroziliklarga nima uchun AP rasmiy munosabat bildirmadi, degan savolimizga shunday javob berdi:
“Palata rasmiy tashkilot. Hech kim bizga rasman xat bilan e’tiroz bildirib, murojaat qilmadi. Hisobot beringlar degan e’tirozlar ham bo‘lyapti. Ustav bo‘yicha palataning besh yillik faoliyati haqidagi hisobotni Advokatlar palatasi raisi konferensiyaga beradi. Konferensiya bu – O‘zbekiston Respublikasi advokatlari tomonidan saylangan 140 ta delegatga berilishi kerak. Shunga qaramay, 5000 mingta advokatni xabardor qilish uchun barcha ma’lumotlarni tayyorlash bo‘yicha topshiriq berganman. Qonun bo‘yicha bu hisobotni oldindan berish majburiyatim yo‘q. Shunga qaramay, barcha ma’lumotlarni e’lon qilamiz. Hamma joyga yangi “qon” kerak. Men bunga qo‘shilaman. Men yozganlarni yomon deyotganim yo‘q”, deydi palata raisi.
Qolaversa, u AP doimiy ravishda advokatlarga huquqiy yordam berganini aytadi. Ernazarov o‘zini piardan uzoq yuradigan odam ekanini iddao qilib, advokatlarning boshiga ish tushganida qilingan ishlarni ko‘p ham ochiqlamasligini qo‘shimcha qildi.
“Palata advokatlarni himoya qilmaydi, deb aytildi. Bu 100 foiz noto‘g‘ri gap. Yaqinda uch nafar ayol advokatlar bilan sodir bo‘lgan ish masalasidan ham misol keltirishim mumkin. Ularga oid ish boshlangandan so‘ng, shaxsan o‘zim qo‘ygan imzo bilan Bosh prokuror va Inson huquqlari vakili (ombudsman)ga xat berdik. Ishda advokatga tazyiq elementlari borligi va bir nechta holatlarni keltirib xat yozganmiz. Bundan tashqari, sud jarayonida advokatlar borib hamkasblari bilan suhbatlashgan va jarayonlarda bevosita qatnashishgan. Ayol advokatlarning himoyachilarini chaqirib, qanday yordam bera olishimiz mumkinligini so‘radik. Bu haqdagi barcha ma’lumotlarni palataning rasmiy sahifalarida e’lon qilganmiz. Advokat ayollar oqlanib ham chiqdi. Ularni palataga chaqirmadim. Menga nisbatan “Alim aka, piar qilyapti”, degan gap bo‘lmasin degan maqsadda ularni chaqirmagan edim. Men piardan yiroq odamman. Ayol advokatlar bilan telefon orqali bog‘lanib hol-ahvol so‘radim. Advokatlar palatasi har doim ular bilan birga ekani va qo‘llab-quvvatlashini bildirdim”, deydi palata raisi.
Aksariyat advokatlarning e’tirozi bo‘lgan advokatlik boji haqida so‘z ochganimizda palata raisi 5000 mingta advokatdan kelib tushadigan pullar qayerga ishlatilishiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, palata pulni qayerga ishlatayotganini hisobini berish majburiyatiga ega emas.
“Advokatlar palatasida 130 nafar xodim faoliyat olib boradi. Ularning maoshlari, viloyatdagi xodimlarga kerakli jihozlar, inshootimizning kommunal to‘lovlari aynan advokatlar tomonidan to‘langan boj orqali qoplanadi. Ustavda “palata bunday ma’lumotni beradi” degan joyi yo‘q. Men bu argumentni noto‘g‘ri deb hisoblayman. Shunga qaramasdan 2019-2020 yillarni har bir viloyatga borib, advokatlarni yig‘ib, palata nima ish qilyapti, qayerga qancha pul sarflayapti, qaysi qonun hujjatlari bo‘yicha ishlayapti, hammasini tushuntirganman. Har yili “kvartalniy otchyot”ni saytda e’lon qilamiz. Bu ma’lumotlarni ochib o‘qigan bor, o‘qimaganlar bor. Yoki o‘qib, bila turib, teskariga buradiganlar ham yo‘q emas. Ish boshlagan kunimdan to bugunga qadar, barcha hisob-kitob ma’lumotlari qo‘limda turibdi”, deydi palata “kattasi” Ernazarov.
Advokatlarning e’tirozlariga keskin e’tiroz bildirgan Alim Ernazarov ularning o‘qishi va o‘qitish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, qonun bo‘yicha advokat har uch yilda malakasini oshirishi kerak. Ammo mablag‘...
“Har uch yilda o‘qish ularning majburiyati. Belgilangan tartib bo‘yicha pulini o‘zlari to‘lashadi. Ularning o‘qishi, malaka oshirishi uchun pul to‘lash palataning majburiyati emas”, deydi rais.
Alim Ernazarovga so‘nggi so‘z o‘rnida faoliyatini baholashini so‘raganimizda u o‘z faoliyatidan qonishini aytib o‘tdi.
“Agar faoliyatimdan qoniqmaganimda allaqachon bu lavozimdan ketardim”, deydi palata raisi.
Ertaga, 23 sentyabr kuni Toshkent shahar advokatlarining katta yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Yig‘ilishdagi asosiy masala Advokatlar palatasining Toshkent shahar xududiy boshqarmasidan 10 nafardan iborat delegat va 2 nafardan iborat boshqaruv a’zolarini saylash. Ushbu delegatlar va boshqaruv a’zolari 2023 yil 18 noyabr kungi Konferensiya yig‘ilishida Respublika Advokatlar palatasi raisini saylashda advokatlar nomidan ishtirok etadi.
LiveBarchasi