33 million aholiga 4 ming advokat. Faqat Turkmaniston va Tojikistondan oldindamiz
Jamiyat
−
25 dekabr 2019
5229Bugun, 25 dekabrda Advokatlar palatasida “Advokat” jurnalining 20 yilligi munosabati bilan palata vakillari va OAV ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda palata raisi sohadagi ko‘plab kamchiliklar va uzoq turg‘unlik yillari haqida gapirdi.
“Bugungi advokaturaning holati qanday? O‘zbekistonning 33 milliondan oshiq aholisiga atigi 4 ming advokat to‘g‘ri kelmoqda. Har bitta advokatga 8,5 ming aholi soni to‘g‘ri keladi. Bu degani odamlarning advokatlarga bo‘lgan zaruriyatni qondirish imkoniyati kamligidir. Bu yil may oyida boshqa 42ta davlatni asos qilib tahlil qildik. Yetuk Yevropadan tortib, O‘rta Osiyo va boshqa Osiyo davlatlari bilan solishtirib ko‘rdik. O‘zbekiston aholiga nisbatan 40-o‘rinda ekanmiz. Bizdan keyingi o‘rinlarda Turkmaniston va Tojikiston davlatlari ekan. U yerda har bir advokatga 12-14 ming aholi to‘g‘ri keladi. Boshqa sobiq ittifoq davlatlari, jumladan Rossiya, Qozog‘iston, Boltiqbo‘yi davlatlarida o‘rtacha 1-1,5 ming aholi to‘g‘ri keladi.
Ba’zi mamlakatlarda advokatlar soni juda ko‘p. Misol uchun, Turkiyani olaylik. Ularda advokatlar 125 ming nafar. Xabaringiz bor, sentyabr oyida maxsus ma’ruzachi Garsiya-Sayan yurtimizga keldi. U o‘zining mamlakatida, hususan Peruning o‘zida 85 mingta advokat borligini ta’kidladi. Advokatlar soni kamligi aholining yuridik maslahat olishi kamligini bildiradi”, deydi palata raisi.
Palata raisi Alim Ernazarov shuningdek soha ancha orqada qolganligini va advokat bo‘lish uchun yoshlarga to‘siq bo‘layotgan omilni aytib o‘tdi.
“Advokatlar soni bo‘yicha ochig‘ini aytaman kamida 20 yil oldin o‘ylash kerak edi. 20 yil qolib ketdik. Biz oxirgi 10 yillik advokatlar soni dinamikasini ko‘tardik. Deyarli o‘smagan. Yiliga 70 yoki 100taga ko‘paygan, xolos. Sabablarini ham tahlil qildik. Talaba yuridik oliygohni bitirdi va advokat bo‘lish istagi bor. U bo‘la olmaydi. Chunki 2 yillik yuridik staj bo‘lishi kerak. Bu norma hozir ham bor. Keyinchalik buni o‘zgartiramiz, degan umiddamiz. Xo‘p deb ketadi. Biror tashkilotga ishga kirib oddiy xodimlikdan boshlaydi, ko‘tariladi. Qarabsizki, bo‘lim yoki department boshlig‘i bo‘lsa, uning advokatlikka qiziqishi qoladimi?”, deydi Alim Ernazarov.
LiveBarchasi